Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bank xodimasiga tajovuz qilgan ikki shaxs qamoqqa olindi

Joriy yilning 24 noyabr kuni soat 17:30 da ikki nafar noma’lum shaxs o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida Mirobod tumani Qo‘yliq 2-dahasi 24-uy yaqinida turgan “Nexia-3” rusumli avtoulovga o‘tirib, avtoulov egasi “Ipoteka bank” Sergeli filiali hisobchisi 39 yoshli Ozoda X.ga pichoq bilan hujum qilib, unga tegishli, narxi 1.500.000 so‘mlik “Redmi-note 5” rusumli uyali telefon apparati, narxi 5 million so‘mlik bir juft ziragi hamda 130 ming so‘m naqd pullarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Oqibatda Ozoda X. “o‘ng oyoq son o‘rta uchligi oldingi yuzasi sanchilib kesilgan jarohati” tashxisi bilan shifoxonasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxslarga nisbatan Mirobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni 32 yoshli Azizbek N. va 26 yoshli Azamatjon M.lar sodir etganliklari aniqlanib, tergov jarayonida Azizbek N. va Azamatjon M.lar ushbu tilla zirakni jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritganliklarini yashirgan holda, “Qo‘yliq dehqon bozori” yaqinida 47 yoshli fuqaro Botir I.ga 700 ming so‘m evaziga sotganliklari aniqlangan. Botir I.dan ushbu zirak tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Dastlabki tergov jarayonida 32 yoshli Azizbek N., 26 yoshli Azamatjon M.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.