Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

BMTning UNFPA jamg‘armasi O‘zbekistonda gender statistikani qo‘llab-quvvatlaydi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda sog‘lom oilani shakllantirish, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

UNFPAning ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Laura Londen so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qabul qilingan qonunlar, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni alohida e’tirof etdi. 2022 yilda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tashkil etilishi, shuningdek, mamlakatda gender statistika joriy etilishiga ijobiy baho berdi. UNFPA bu masalalarda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Mamlakatda gender tenglikni hamda onalar va bolalar muhofazasini ta’minlash masalalari bo‘yicha ildam va ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani hisobga olinib, O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilda Nayrobi shahrida o‘tkaziladigan aholishunoslik bo‘yicha xalqaro anjumanga taklif etildi. Bunday keng miqyosli tadbirda ishtirok etish O‘zbekiston milliy tajribasini xorijiy mamlakatlarda tatbiq etish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati.