Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bog‘cha bolalarining paxta dalasiga nima uchun chiqarilgani o‘rganildi

"XorazmNews" Telegram kanalida tarqalgan hudud bilan bog‘liq navbatdagi masalaga oydinlik kiritildi.

Xabarda “Bog‘cha bolalari paxta dalasiga olib chiqilibdi. Maqsad nima? Bu borada soha mas’ullaridan rasmiy izoh kutib qolamiz”, deyilgan edi.

Shundan so‘ng mazkur holat Xorazm viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan o‘rganildi va dastlabki rasmiy bayonot e’lon qilindi.

Aniqlanishicha, Urganch tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufida bo‘lgan 12-maktabgacha ta’lim tashkiloti tayyorlov guruhi tarbiyachisi Muyassar Otojonova 2019 yil  22 oktyabr kuni soat 11:30 larda ta’limiy tasdiqlangan ish rejaga asoslanib, “O‘zbekistonning oq oltini” mavzusida mashg‘ulot olib borgan. Shundan keyin o‘tilgan mavzuni mustahkamlash va bolalarda tasavvur va reallik uyg‘unligini ta’minlash maqsadida belgilangan ish rejasiga (o‘quv rejasi) muvofiq guruh tarbiyalanuvchilaridan 14 nafarini Qaychili maxallasida joylashgan “Ibrohim Farida” fermer xo‘jaligi paxta dalasiga sayohatga olib chiqqan.

Ma’lum qilinishicha, maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan paxta dalasi oralig‘idagi masafa 60-80 metrni (bola qadami bilan yurilganda 4-6 daqiqalik masofa) tashkil etadi.

Shuningdek, tarbiyachi bolalarni MTTdan tashqariga olib chiqish jarayonida mahalla profilaktika inspektori yordamchisi (posbon) bilan barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirgan.

Shu bilan birgalikda maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan ushbu holat albatta ota-onalar bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlangan hamda vaziyat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

"Hurmatli ota-onalar, internet foydalanuvchilari, blogerlarimizga yuzlangan holda voqeaning paxta yig‘im-terimiga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildiramiz hamda ushbu vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘rab qolamiz", deyiladi rasmiy bayonotda.