Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh vazir o‘rinbosari velosipedda marafon yo‘nalishi bilan tanishdi

Xabar berganimizdek, bugun Samarqand shahrida joriy yil 1 noyabr kuni o‘tkaziladigan Samarkand Half Marathon (yarimmarafon)ga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida bu yil ikkinchi marta tashkil etilayotgan mazkur xayriya yugurishi mamlakatimizda madaniyat va san’at ob’yektlarida inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va sport turizmini rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Samarkand Half Marathon tashkiliy qo‘mita raisi A.Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari R.Ermatov va boshqalar bu yilgi marafon autizmga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlanishini ta’kidladi. Dunyodagi og‘ir epidemiologik vaziyat tufayli Samarqandga kela olmaydigan ishtirokchilar virtual formatda marafonda qatnashishlari mumkin. Virtual yugurish formati ishtirokchilariga manzil va masofani tanlash erkinligini beradi hamda natijalar Strava ilovasida qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra qabul qilinadi.

Dastlab professional sportchilar uchun 21 kilometr masofaga mo‘ljallangan klassik yarimmarafon o‘tkaziladi. Shundan so‘ng boshqa ishtirokchilar, shuningdek, bu yil ilk bor bolalar ham marafonda qatnashadi.

Marafonda qatnashish istagida bo‘lganlar 1 noyabrga qadar yarimmarafonning www.samarkandhalfmarathon.uz saytida ishtirokchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Matbuot anjumanida yarimmarafon dasturida ishtirok etuvchi xalqaro tashkilotlar vakillari “Autizm. Do‘stona muhit” dasturi menejeri Aleksandra Petrova va Yekaterinburg shahridagi "Otkritiy gorod” ANT direktori, “Gorod masterov” ijtimoiy ustaxonalari rahbari va autizmga chalingan bolalar va kattalar uchun bir qator yirik inklyuziv ijodiy loyihalar direktori Anna Kleщyova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon ham onlayn ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi.  

Matbuot anjumani davomida tashkilotchilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Anjumandan so‘ng A.Abduhakimov boshchiligidagi tashkiliy qo‘mita a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari velosipedda yarimmarafon yo‘nalishini ko‘zdan kechirdi.