Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Braziliyada 1 gramm ipak qurtidan 4 kilogramm mahsulot oladi. Biz yetishtirgan pilla esa 2,5 kilodan oshmaydi. Nega?

“Jomboy tongi” gazetasining shu yil 32-sonida “Mirsoli ota gigant bargli tut navini yaratdi” sarlavhali maqola chop etildi. O‘qib “Abdullajon” filmini esladim. Ilgari odatdagidan ikki-uch barobar yirik tarvuz-qovun, poliz mahsulotlarini yetishtirish imkonsiz edi. Kinodagi fantastik orzular ro‘yobga chiqayotgan ko‘rinadi. Biroq soha mutaxassislari xalq seleksiyasiga ishonarmikan?

Tut bargi ozuqasi taqchil yillarda odamlar uzum, terak, tol bargini berib ko‘rishdi. Ipak qurti yemadi. Hovlimizda 13 tup tut bo‘lgan. Shapaloqdek barg yozardi. Pillaga ozuqa yetkazib berish biz uchun muammo tug‘dirmasdi.

Otamdan keyin bu tutlar qarovsiz qoldi, quvradi. Ikki tupini asrab qoldik. Ularning bargi emas, mevasi ham yirik. Bir ko‘rgan kishi hayratini yashirolmaydi. Kattaligi barmoq uzunligidek keladi. Hozirgacha mevasini bozorda sotamiz. Qora marvarid tutlarning kilosi 15 ming so‘mdan kam emas. Ikki yil avval urug‘idan ko‘paytirdik. Hammasi unib chiqdi. Ammo mevasidan ko‘ra, bargi uchun qiziqib keluvchilar ko‘paymoqda.

Sohaning mas’ul rahbarlariga ham uchrashib, ozuqabop tut navini ko‘paytirish, asrab qolish taklifini aytdim. Barg va mevasidan namuna berdim. Avvaliga ma’qullashdi. “Otaxon, buyog‘ini bizga qo‘yib bering. Taklifingiz yuqori tashkilotga yuboriladi. Javob bo‘lsa, xabar beramiz”, deyishdi. Ikki-uch yil bo‘lyaptiki, na yuqoridan, na quyidan tayinli javob eshitdik.

Axir bu boshqa tut navlariga sira o‘xshamaydi. Bargi to‘rt-besh barobar katta. Mirsoli ota ham shu tutning novdasini payvand qilib, yaxshiroq natijaga erishgan ko‘rinadi. Tanish fermerni bilaman. Bu yil shartnomaviy rejani bajarmadi. Bir kilogramm pillani 50 000 so‘mdan sotib oldi. Ariq-zovur, qarovsiz yerlari qancha. Lekin bir tup ko‘chat, tut ekishga yaramaydi.

Respublikamizda yetishtirilayotgan pillaning sifat ko‘rsatkichi 15-16 foiz past ekan. Narxi ham ikki barobar arzon. Braziliya bir gramm ipak qurtidan 4 kilogramm mahsulot oladi. Biz yetishtirgan pilla esa 2,5 kilodan oshmaydi. Bunga tut plantatsiyalarining barg hosildorligi, sifati pastligi ham ta’sir etishi aniqlandi.

Yirik bargli tut navi ana shu kamchilikka chek qo‘yishi mumkin. Pillakorning mehnati yengillashsa, sohada o‘sish, sifat, rivojlanish bo‘ladi.

Iskandar BOTIROV,

Jomboy tumani, Beshbola mahallasi.