Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urda kauchuk-rezina plitkalar ishlab chiqariladi

Bulung‘ur tumanidagi “Kildon” aksiyadorlik jamiyatining 7,5 gektar yer maydonidagi bo‘sh turgan bino-inshootlar va foydalanilmayotgan yer maydonlari negizida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan.

Hududga quvvati 250 kVA transformator punkti qurish va 10 kVt kuchlanishli 1 kilometr elektr tarmog‘ini tortish, 1 ta ichimlik suvi inshooti va 75 millimetr diametrdagi 1,3 kilometr suv tarmog‘i qurish hamda 0,5 kilometr yo‘lni ta’mirlash rejalashtirilib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Yaratilgan sharoit va mavjud imtiyozlar tufayli kichik sonat zonasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lganlar taklif va loyihalarini taqdim etmoqda. Bugungi kungacha berilgan takliflar asosida Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining yig‘ilish bayonlariga asosan umumiy qiymati 1 milion 570 ming dollarlik 8 ta investitsiya loyihalari ma’qullangan.

Tuman hokimligining qaroriga asosan mazkur loyihalarga yer ajratilib, 121 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda. Qayd etish o‘rinliki, bugungi kungacha kichik sanoat zonasiga joylashtirilgan lohalar uchun sarflanadigan investitsiyaning 615 ming dollari bank krediti bo‘lsa, 955 ming dollari tashabbuskorlorning o‘z mablag‘lari hisoblanadi.

Kichik sanoat zonasida tez kunda “Bulung‘ur mebel servis” xususiy korxonasi mebel, “Bulung‘ur oltin suv” mas’uliyati cheklangan jamiyati non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni boshlaydi. Shuningdek, “Musayeva Oysuluv” yakka tartibdagi tadbirkori tomonidan tikuvchilik sexi, “Kolibri” mas’uliyati cheklangan jamiyati rezina shinalarni qayta ishlash va kauchuk-rezina plitkalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. “Shohjahon JSD” fermer xo‘jaligining 0,50 gektar maydonda qurib bitkazilgan muzlatkichli omborxonasiga zarur uskunalar o‘rnatilmoqda.

“Davron-1” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan xalqaro moliya tashkilotlarining 50 ming dollar miqdorida kredit mablag‘lari asosida amalga oshirilayotgan muzlatkichli omborxonada asbob-uskunalarni o‘rnatish, montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda sanoat zonasi hududida mavjud 4,5 gektar bo‘sh yer maydoni tashabbuskor tadbirkorlarni kutmoqda.