Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bulung‘urda tovlamachi blogerga jazo tayinlandi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 2 tashkilotdan tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilib kelgan soxta bloger jazoga tortildi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zini bloger deb tanishtirgan fuqaro “Bulung‘ur dehqon bozori” MChJ faoliyatiga doir notug‘ri ma’lumotlar asosida 3 marta maqola yozib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatadi.

Uddaburon bloger bozorni tanqid qilmaslik evaziga bozor ma’sullaridan plastik kartasiga pul tashlab turishni talab qiladi.

Bundan tashqari, soxta bloger “Bulung‘urtumangaz” filiali mutaxassisi S.H.dan pul talab qilgan.

Olib borilgan tekshiruvlar natijasida soxta blogerning tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib kelgani tasdiqlanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tuman sudi sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi (Tovlamachilik) bilan aybdor deb topgan.

Unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.