Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat mehnat inspeksiyasi qonunbuzarlarni javobgarlikka tortmoqda

Paxta terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va terimchilar uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilayotganiga qaramasdan, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, huquq himoyachilari bergan ma’lumotlarda mehnat qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi. Shunga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni o‘rganib, qonunbuzarlarni javobgarlikka tortmoqda.

Ma’lumotnoma uchun terimga da’vat

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumani Aydin jol MFY raisi B.A. kam ta’minlanganlik haqidagi ma’lumotnomani olish uchun kelgan fuqaroga ma’lumotnoma uchun terimga chiqish shartini qo‘ygan. Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasida haqiqatan qonun buzilganligi aniqlandi va mahalla raisi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 6 690 000 so‘m miqdorda jarimaga tortildi.

Paxta terimi uchun oylik maoshidan pul to‘layotgan ishchilar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati “Cuvoqava” davlat unitar korxonasi ishchilaridan paxta terimi uchun oylik maoshidan 500 ming so‘m miqdorida mablag‘ ushlab qolinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Davlat mehnat inspeksiyasi olib borgan o‘rganishlar natijasida mazkur murojaatlar tasdig‘ini topdi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati “Suvoqava” DUK rahbari S.Mirjamalovga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy javobgarlik tayinlandi.

Terimchilar uchun yetarli sharoit yaratmagan mutasaddilar

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani mutasaddilari shu hududda paxta yig‘im-terimida ishtirok etgan fuqarolarga yetarli darajada shart-sharoit yaratmaganligi va bu holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda o‘z tasdig‘ini topgach, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga nisbatan MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan 2 230 000 so‘mdan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Vazirlikka kelib tushayotgan murojaatlarning hammasi ham tasdig‘ini topmagan

Xususan, Namangan viloyatining Pop tumanida o‘qituvchi va shifokorlar paxta terimiga majburan jalb etilayotgani to‘g‘risidagi murojaat o‘rganilganda buning asossiz ekani aniqlandi. Vazirlik o‘qituvchi va shifokorlarning terimda ishtirok etganini inkor etmaydi. Biroq ular o‘z xohishiga ko‘ra, qo‘shimcha daromad topish maqsadida terimga chiqqan.

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi “Agrobank”, “Xalq banki” va davlat xizmatlari markazi xodimlarining paxta terimiga majburiy jalb etilgani to‘g‘risidagi xabar ham o‘z tasdig‘ini topmadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot telegram botiga murojaat qilishingizni so‘raydi.