Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputat Alisher Hamroyev: O‘nta emas, bitta qonun qabul qilamiz. Toki, bu qonun xalqimiz manfaatlarini to‘laqonli ifodalasin, yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilsin

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida «El-yurtimiz deputatlar timsolida qonun va axloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan kurashchini, xalq dardini qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqadigan o‘z himoyachisi, o‘z vakilini ko‘rishni istaydi. Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbayev, Shuhrat Polvonov, Alisher Hamroyev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga manzur bo‘lmoqda», deya e’tirof etdi.

69-Toyloq saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan Alisher Hamroyev bu e’tirofdan ruhlangani va bu zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat yuklaganini yashirmadi:

- Rosti, ba’zida ochiq, ammo achchiq gapirib yuborganimdan afsuslangan vaqtlarim bo‘ldi. Negaki, har qanday odam fikrini qo‘llovchilar kamchilikni tashkil qilsa, u tabiiy ravishda tushkunlikka tushib qoladi. Ammo majlisda davlatimiz rahbari bunga mutlaqo o‘rin qoldirmadi. Ayniqsa, Rasul Kusherboyev, Shuhrat Polvonov kabi mening ham nomimni tilga olganida, ochig‘i, yettinchi osmonga chiqqanday bo‘ldim.

Yashirib nima qildik: o‘tgan asrda va undan keyingi davrlarda dardini ichiga yutadigan avlod shakllandi. Og‘riq, azob jonidan o‘tib ketganda ham bir og‘iz e’tiroz bildirmaslik qon-qonimizga singib ketdi. Ayrim joylarda, kimdir muammoni, odamlarni qiynayotgan masalani ko‘tarib chiqsa, unga achinish bilan qaraganimiz ham shundan aslida.

Eng yomoni, keyingi uch yilda davomida “Nima darding bor”, degan savolga ham “Hammasi joyida”, deyayotganganimiz ham bor gap. Vaholanki, eskidan bir gapimiz bor: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. Qolaversa, muammoni, masalani xaspo‘shlaganimiz bilan u hal bo‘lib qolmaydi yoki kimdir kelib uni to‘g‘rilab bermaydi.

Shu ma’noda, biz, parlament a’zolari aholining manfaatlaridan kelib chiqib, qonun ijodkorligi faoliyatini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash sohasidagi o‘zaro chambarchas bog‘liq kompleks vazifalarni amalga oshirishimiz kerak. Saylovchilarimiz va elektorat manfaatlarini himoya qilish uchun berilgan vakolat hamda imkoniyatlarni to‘la ishga solishimiz, qo‘yilgan vazifalarni teran anglab, faoliyat yuritishimiz zarur. Bunda Prezidenimiz qayd etganidek, o‘nta emas, bitta qonun qabul qilishimiz, loyihani bir soat emas, uch soat muhokama etishimiz lozim. Toki, bu qonun xalqimiz manfaatlarini to‘laqonli ifodalasin, yangi O‘zbekistonimizning taraqqiyotiga xizmat qilsin.

Ayni paytda Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasini intizorlik bilan kutyapmiz. Sabab, o‘tgan yilgi Murojaatnomada faoliyatimizga oid ko‘plab masalalar o‘rin olgan edi. Bu gal ham biz, deputatlar ishini samarali tashkil etishga qaratilgan vazifalar belgilanadiki, bu istiqboldagi rejamizda ustuvorlik kasb etadi.