Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Dinamo»ga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Jamoaning Superliga ikkinchi davrasidagi muvaffaqiyatsiz natijalari bois bosh murabbiy Davron Fayziyev o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgan edi.

25 sentyabr kuni Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov bilan o‘zaro uchrashuvdan keyin tajribali mutaxassis Tachmurod Agamurodov «Dinamo» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda «Dinamo» PFK matbuot xizmati xabar berdi.

Shu kuni «Dinamo» futbol klubida yig‘ilish o‘tkazilib, klub homiylari, rahbariyati va jamoa futbolchilariga bosh murabbiy sifatida Tachmurod Agamurodov tanishtirildi.

Yangi bosh murabbiy bilan mavsum yakunigacha shartnoma imzolanib, yangi bosh murabbiy oldiga «Dinamo» jamoasini Superligada olib qolish vazifasi yuklandi. Ushbu vazifa bajarilsa, bosh murabbiy bilan shartnoma uzaytiriladi.

Ma’lumot uchun, turkmanistonlik tajribali murabbiy 2007 va 2014 yilgi mavsumlarda ham «Dinamo» jamoasida faoliyat olib borgan.