Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dotsentning o‘zini “O‘rta Osiyodagi kam sonli veterinariya fanlari doktorlaridan biriman”, deyishi nokamtarlik

Joriy yilning 3 oktyabr kuni “Sizdan telegram” kanalida e’lon qilingan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti dotsenti M.Mamatovaning murojaati bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Muborak Mamatova ayni kunda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya kafedrasi dotsenti lavozimida, to‘liq shtat birligida ishlaydi. Bungacha u institutning sirtqi bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan va o‘z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilgan.

M.Mamatovaning doktorlik dissertatsiyasi himoyasi uchun institut rahbariyati tomonidan yetarlicha sharoit yaratib berilgan. Dissertatsiya ma’lumotlarini tayyorlash va chop ettirish uchun “noutbuk” bilan ta’minlangan va unga bir oy mehnat ta’tili berilgan.

Himoyadan so‘ng tadqiqot natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish yoki institutga investitsiya kiritish bo‘yicha M.Mamatova tomonidan biror marta murojaat qilinmagan. Institutda e’lon qilingan grant loyihalarida ham u hech qachon ishtirok etmagan.

Dotsent M.Mamatovaning o‘zini “O‘rta Osiyodagi kam sonli veterinariya fanlari doktorlaridan biriman”, deyishi ham nokamtarlik va axloq qoidalariga zid. “Ta’lim sifatini oshirishga uringanim uchun tazyiqqa uchradim” degani esa bo‘hton.

M.Mamatovaning 83 yoshli onasini institut rektori, xotin-qizlar qo‘mitasi, kasaba uyushmasi va boshqa mutasaddilarning hech biri ko‘rmagan va onaxon bilan muloqotda bo‘lmagan. “Qamatib yuboraman”, deb tahdid qilinishi haqidagi uydirma ham kurakda turmaydigan tuhmat. “Tazyiq” o‘tkazilganligi haqida institut xotin-qizlar qo‘mitasiga va boshqa mutasaddilarning hech biriga M.Mamatova tomonidan murojaat qilinmagan.

Institutning epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya kafedrasida 2 ta laboratoriya mavjud. Har ikkisi ham zamon talablari darajasida jihozlangan (AQSh va Yaponiya texnologiyalari asosidagi yangi zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlarining umumiy qiymati 1 milliard so‘mni tashkil etadi). Mikroskop va proyektorlardan dars jarayonlarida muntazam foydalanib kelinmoqda. Viloyat laboratoriyasi esa institut hududiga yaqin masofada joylashgan (yo‘lning qarama-qarshi tomonida, 100 metr). Unga avtobusda borishga hojat yo‘q. Uzoqroq xo‘jaliklarga borish uchun institut tomonidan avtobus ajratilgan.

Joriy yilning 24 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ziyolilar bilan uchrashuvidan so‘ng institut rektori X.Yunusovning talabiga ko‘ra, institutga 3 ta yangi avtobus ajratilishi ma’lum qilingan.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, M.Mamatova yuqoridagi vajlar bo‘yicha respublikamizdagi mas’ul idoralarga bir necha marta (bir oyda 6 marta) murojaat qilgan. Uning murojaatlari bo‘yicha har safar turli tashkilotlar mutasaddilaridan iborat maxsus ishchi guruh tomonidan tekshirishlar o‘tkazilib, arizada ko‘rsatilgan bandlarning hech biri o‘z isbotini topmagan.

Shunga qaramasdan, institut ma’muriyati tomonidan M.Mamatovaga bir shtat birligida dars soatlari ajratib berildi. Oilaviy sharoiti, institutda 20 yildan buyon ishlayotgani inobatga olinib, ziyolilarga xos bag‘rikenglik bilan uning idoralarga qilayotgan asossiz murojaatlariga ko‘z yumib kelinmoqda.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.