Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

DXX O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi janjal bo‘yicha bayonot berdi

Avvalroq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida qirg‘iz cho‘ponlari va o‘zbek chegarachilari orasida ziddiyat kelib chiqqani haqida xabar bergan edik.

Ushbu voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bayonot bilan chiqdi.

DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmatining xabar qilishicha, joriy yil 6 yanvar kuni soat 13:30 larda Namangan viloyati Pop tumanining Oq-Kurcha hududida o‘zbek chegarachilari davlat chegarasini buzgan shaxslarni payqashgan. Ular O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan 1,5 kilometr masofa ichkariga kirib kelib, 500 taga yaqin mayda shoxli qoramolni o‘tlatib yurishgan.

O‘zbekiston Respublikasi chegarachilarining chegara buzilgan joyga yetib kelguniga qadar, qirg‘iz cho‘ponlari podaning katta qismini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Ola-Buqa tumani Arab aholi punktiga olib o‘tishga ulgurgan. Podaning qolgan qismi ko‘rsatilgan hududda qolgan.

O‘zbekiston chegarachilari tomonidan qo‘shni davlat fuqarolari hamda qoramollar Qirg‘iziston Respublikasi hududiga chiqarib yuborildi.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi chegara idoralari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Chegara hududi aholisi bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda, deyiladi ma’lumotda.