Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Elchi Qirg‘iziston milliy kutubxonasiga Alisher Navoiy kitobini sovg‘a qildi

culture.akipress xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Qirg‘iziston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Komil Rashidov A.Osmonov nomli Qirg‘iziston milliy kutubxonasida tashkil etilgan o‘zbek she’riyati sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirda ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari yildan-yilga rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik, bir-birini qo‘llashga asoslangan ko‘p yillik an’analar ikki davlat munosabatlarini nafaqat siyosat va iqtisodiyot, balki madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida ham aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
- Bizda turli davlatlar, xususan, o‘zbekistonlik qardoshlarimiz bilan birgalikda muhim voqealar, bayramlarga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylangan, - dedi Qirg‘iziston milliy kutubxonasi direktori Jildiz Bakasheva. - Bu borada bugun o‘tkazilayotgan ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy ijodi va zamonaviylik” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri muhim ahamiyatga ega.

Elchi K.Rashidov tadbir chog‘ida Jildiz Bakashevaga Alisher Navoiyning "Tafakkur xazinasi" va mamlakatimizda chop etilayotgan "Sharq yulduzi" jurnalining Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maxsus sonini sovg‘a qildi. O‘z o‘rnida J.Bakasheva ushbu nodir kitob va jurnal uchun K.Rashidovga minnatdorchik bildirdi va «Ushbu asar va jurnal kutubxonamizning eng qimmatli kitoblaridan bo‘lib qoladi», dedi.