Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endi tadbirkorlar ham aholidan pul qabul qilib, ularga daromad to‘lashi mumkin

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 21 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan faqatgina tijorat banklari emas, balki mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ham aholining bo‘sh pul mablag‘larini qabul qilib, daromadli obligatsiyalar bilan ularning aylanma mablag‘larini ko‘paytirish, moliyaviy barqarorligini ta’minlash hisobiga aholining daromadini oshirish imkoniyatiga ega.

Ushbu qonun mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, respublika iqtisodiyotiga aholi va investorlarning bo‘sh mablag‘larini jalb qilish orqali bo‘sh mablag‘larni harakatga keltirish hamda ularning daromadini o‘stirish imkonini beradi. Shuningdek, real sektor korxonalarining davlat kafolati va banklar belgilaydigan stavkalardagi kreditlariga bog‘liqligini kamaytiradi.

Korporativ obligatsiyalarni jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy huquqlarini himoya qilish uchun belgilangan shartlarga rioya etgan holda aksiyadorlik jamiyatlari va mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan chiqariladi va joylashtiriladi:

- obligatsiyalar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi o‘z kapitali miqdori doirasida, shuningdek agar korporativ obligatsiyalar summasi emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshsa, oshgan qismiga investorlar huquqini himoya qilish uchun ta’minoti;

- aholi bo‘sh pul mablag‘larining kafolati sifatida so‘nggi bir yilda rentabellik, to‘lovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlilikning ijobiy ko‘rsatkichlariga ega bo‘lishi;

- obligatsiyalar chiqarilishidan oldingi bir yil uchun moliyaviy hisobot bo‘yicha xolis auditorlik xulosasi mavjudligi lozim bo‘ladi.

Investorlar, shu jumladan, aholining bo‘sh pul mablag‘lari to‘lanishi bo‘yicha to‘lov agentlari vazifasini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqariladi.

Kapital bozoridagi qulayliklardan tadbirkorlar hamda mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ishtirokchilari va rahbarlari samarali foydalangan holda o‘z vaqtida moliyaviy savodxon bo‘lgan mutaxassislar orqali obligatsiya chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan keyingi uch yil muddatga aylanma mablag‘lariga ehtiyoj sezmaydi. Ya’ni investorlardan pul mablag‘larini bevosita shartnomalar orqali qabul qilib oladi va obligatsiyada belgilangan muddatda foizlarda investorlarga daromadlar to‘lanadi.

Bundan ko‘rinadiki, uch yildan so‘ng korporativ obligatsiyalar so‘ndiriladi va tadbirkorlik sub’yekti ishlab chiqarishi bardavom o‘sishi oqibatida moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi, shuningdek, korxona foydasi ortib borishi hisobiga aholining bo‘sh pul mablag‘lari bo‘yicha daromadi oshishiga xizmat qiladi.

Norboy JO‘LMATOV,

  Kapital bozorini rivojlantirish agentligi
  viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.