Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining avlodlari bormi?

Gulistonda Alisher Nurboyev degan shoir yigit bor. Alisher Nur taxallusi bilan ijod qiladi. Shoirni bilganlar, taniganlar ko‘p. Ammo hamma ham uning o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotining atoqli vakili, baxshi shoir Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining evarasi ekanligini bilmaydi.

Alisherning she’rlarida xalqona ohang ustuvor. Bu esa uning zehniyatida ham katta bobosidan o‘tgan baxshiyona iste’dod borligidan mujda beradi. Shu o‘rinda albatta o‘quvchini qiziqtiradigan savol tug‘iladi, ya’ni Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan qolgan avlodlar hozir qayerda va ular kimlar? Baxshi shoirning zurriyotiga mansub kishilardan ijodkorlik yo‘lini tutganlar bormi?

Bu savollarga Alisher Nur taqdim etgan kichik shajaradan javob topsak bo‘ladi. Ya’ni, “Kichik shajara ” deyilishiga sabab unda mashhur baxshining ajdodlari keltirilgani holda bizning zamonimizdagi avlodlari orasidan yetishib chiqqan ijodkorlargina o‘rin olgan.

Foto: Xalq So‘zi Online

Keling, avval Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ota-bobolari haqida qisqacha ma’lumot beraylik. Shajaraning boshida ko‘rsatilgan Yodgor baxshi, Usta Lapas Yodgor, Mulla Tosh Usta, Mulla Xolmurod baxshining bobolari hisoblansa, JumanbulbulMulla otasidir. Ularning hammasi, xususan, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ham Buxoro amirligining Nurota bekligi tasarrufidagi Qo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan va yashagan. Jumanbulbul mullaning yana ikki o‘g‘li va ikki qizi ham bo‘lgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining esa Abdunabi, Abduvohid va Zarbuvi ismli farzandlari bo‘lgan. Lekin taqdim etilgan shajaraga ko‘ra ikki o‘g‘lidan avlodlar qolmagan. O‘tgan asrning boshlarida ular yashagan hududda vabo tarqalib, ko‘pchilik qatori baxshining ana shu farzandlari ham dunyoni erta tark etgan. Faqat boshqa qishloqqa kelin bo‘lib tushgan Zarbuvi qizigina omon qolgan. Hozir biz sizga hikoya qilmoqchi bo‘lganlar Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ayni qizidan tarqagan nabira,chevara va evaralaridir.

Ya’ni shajaraning qo‘yi qismida ismi shariflari keltirilganlar Zarbuvi Ergash qizining ikki farzandi Abdug‘ani Turdimov va Oliya bibi Nurboyevaning bugun Nurotada, Toshkentda, Sirdaryoda hamda respublikamizning boshqa hududlarida yashayotgan (yashagan)farzandlari va nabiralaridir. Ulardan Abdusaid Nurboyev respublikamizning taniqli jurnalistlaridan biri bo‘lsa, Shomirza Turdimov filologiya fanlari doktori, Jamoliddin Turdimov esa filologiya fanlari nomzodidir. Marhum Shukur Nurboyev ham jurnalist bo‘lib, u Navoiy viloyati teleradiokompaniyasiga rahbarlik qilgan. Baxshining yana bir evarasi rahmatli Shoira Nurboyeva ham jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullangan.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi shajarada Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ijodkor avlodlari vakillarigina ko‘rsatilgan. Ya’ni uning chevara va nabiralari orasida boshqa sohalarda ham namunali faoliyat olib borayotgan zurriyotlari bor.

Ma’lumot uchun. Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan boy adabiy meros qolgan. Undan o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida adabiyotshunos olim Hodi Zarif tomonidan ko‘plab xalq dostonlari yozib olingan.

Ahmadali Shernazarov

“Xalq so‘zi Online