Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov Mudofaa vazirligining III darajali “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Markaziy harbiy okrugning “Madaniyat va ma’rifat markazi”da tadbir o‘tkazildi. Unda Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Pavel Ergashev, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Oybek Saidov, O‘zbekiston Qahramoni, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar va “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 dekabrdagi “Mudofaa vazirligi va joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mamlakatning mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi ularning ma’suliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishdi.

Unga ko‘ra, Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilarining jangovar shayligini oshirish, ularning oila a’zolarini ijtimoiy va ma’naviy  qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarni harbiy-ma’muriy sektor rahbariyati bilan hamkorlikda amalga oshirib kelayotgani va bu bugungi kunda ijobiy samara berayotganini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng generel-mayor Pavel Ergashev Kattaqo‘rg‘on okrug poligonini barpo etishda munosib hissa qo‘shgan Samarqand viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Erkinjon Turdimovga Mudofaa vazirligining III darajali “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni va Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir davomida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar orasida xizmat burchini sidqidildan bajarayotgan, harbiy jamoa hayotida faol qatnashayotgan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa qudratini yuksaltirishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarga harbiy unvon va esdalik sovg‘alari topshirildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.