Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov: Ular «bomj»ga aylanib, kimlarningdir «qurol»i bo‘lib qolyapti

Oliy Majlis Senatining 28 fevral, juma kuni, bo‘lib o‘tgan ikkinchi yalpi majlisida senatorlar ota-onalar qarovisiz qolgan, «Mehribonlik» uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar to‘g‘risida hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.

Bu boradagi qator muammolar qizg‘in muhokama qilindi hamda senatorlar mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Samarqand viloyati hokimi, senator Erkinjon Turdimov «Mehribonlik» uylarida ulg‘ayib, keyinchalik jamiyat e’tiboridan chetda qolgan, hech vaqosiz sarson yurgan tarbiyalanuvchilarni uy-joy bilan ta’minlash masalasiga tegishli qaror bilan tezroq barham berish zarurligini ta’kidladi.

«Haqiqatdan bu juda dolzarb masala. Shaxsan o‘zim ko‘p shug‘ullandim shu muammo bilan. Har bitta viloyatda kamida 150—200 nafardan qarovsiz bola bor. Bular kimlarningdir qo‘lida «qurol» bo‘lib qolyapti. Masalan, «Mehribonlik» uyini tugatganiga 5—10 yil bo‘lgan bolalarning qariyb 30—40 foizi jinoyatga qo‘l urgan. Bizda aniq misollar bor. O‘zimizning shaharda bir ikkitasini yetaklab yurishibdi: 35—40 yoshga kirgan, hech narsasi yo‘q, ikki, uch martalab jinoyat qilgan.

Alohida nizom qabul qilib, bu masalalarni dastur asosida yechmasak bo‘lmaydi. Chunki uy-joy qilishni hech bir tuman hokimiyatining ham, viloyat hokimiyatining ham byudjeti ko‘tarmaydi. Mahalliy byudjetga ruxsat bersa, biz deputatlar bilan kelishib, «Mehribonlik» uyidan chiqqanlarni uy-joy bilan ta’minlay olamiz. Birgina misol, biz 8 nafariga uy ajratib berdik, ertaga topshiramiz. 15 nafariga yotoqxonalardan joy yaratib berdik. Hozir yana 16 nafariga boshlang‘ich to‘lovini to‘lab, uy masalasini yechyapmiz.

Lekin bular vaqtinchalik. Shuning uchun buni qaror qabul qilib, tartib bilan tizimli yechmasak, muammo bo‘lib qolaveradi. Eng yomoni eng ko‘p jinoyat sodir etayotganlar ham shular bo‘lyapti. «Bomj»ga o‘xshab qolgan, g‘irt jinoyatchi bo‘lyapti bular. Jiddiy ahamiyat qaratmasak, ertaga yana jinoyatlar soni oshadi», — dedi Turdimov.

Bu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.