Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Favqulodda sodir etilishi mumkin bo‘lgan holatlar nazoratda. Ammo har kim xavfsizlik chorasini ko‘rishi shart

Joriy yilning 1-2 may kunlari viloyatimizda kuchli yomg‘ir yog‘ib, shamol bo‘lishi kutilmoqda. Tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.

Kutilmagan vaziyatlarning oldini olish maqsadida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus texnika va shaxsiy tarkibi, shuningdek, tuman va shahar obodonlashtirish idoralari, “Suvoqova” davlat unitar korxonasi xizmatlarining texnika va ishchi-xodimlari tayyor holatda turibdi.

Ortiqcha talafotlarning oldini olish maqsadida bir qator tartib-qoidalarga amal qilish lozimligi haqida aholi, korxona-tashkilot rahbar va xodimlariga zarur tavsiyalarni berishni lozim topdik.

Shu kunlarda viloyatimizning barcha mahallalarida sergaklikni har qachongidan ham oshirish zarur. Kutilmagan vaziyatlarning oldini olish maqsadida favqulodda vaziyatlar xizmati tizimi tasarrufidagi barcha texnika, asbob-uskuna va jihozlar, tibbiyot muassasalaridagi qo‘shimcha joylar tibbiy vosita hamda dori-darmonlar zaxirasi bilan ta’minlanishi kerak. Tez tibbiy yordam brigadalari, yig‘ma mexanizatsiyalashgan otryadlar shay holatga keltirilishi lozim.

Barcha ijtimoiy soha ob’yektlarining holati o‘rganilib, kamchiliklar bartaraf etilishi, tog‘ va tog‘ oldi hududlaridagi sel yo‘llari holati nazoratga olinishi, shuningdek, cho‘ponlar va mahalliy aholi tomonidan chorva mollarini boqmaslik choralari ko‘rilishi talab etiladi.

Vaziyat keskin o‘zgarganida zudlik bilan viloyat toshqinga qarshi kurash shtabi va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor navbatchilik guruhining quyidagi telefon raqamlariga xabar bering:

(66)231-07-71, (66)234-71-00, (66)240-06-01, (66)240-40-21, 1050, 101.

Samarqand viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati.