Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sotilayotgan go‘shtning sifatiga kim kafolat beradi?

Samarqand viloyati Davlat xizmatlari agentligi va soliq idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 347 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar mol so‘yish va go‘sht sotish faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 199 nafari faoliyatini go‘sht sotish, ya’ni chakana savdoga o‘zgartirgan.

Negaki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida ixtisoslashtirilgan va mini so‘yish korxonalarida so‘yilmagan, tegishli veterinariya hujjati bo‘lmagan, ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonasining ma’lumotnomasi hamda veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasi bo‘lmagan hollarda go‘sht mahsulotlarini realizatsiya qilish ta’qiqlangan.

Shunday bo‘lsa-da, 148 ta qassobxona o‘z faoliyatini o‘zgartirmagan. Misol uchun, Urgutda 35 ta, Samarqand tumanida 28 ta, Payariq tumanida 21 ta, Past Darg‘om tumani va Samarqand shahrida 10 nafardan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini qonuniylashtirmagan.

Hukumat qaroriga muvofiq, qassob molni o‘zi so‘yib sota olmaydi. Biroq mol so‘yish uchun oylik to‘lov tumanlarda 50 ming so‘m, go‘sht sotish (chakana savdo) uchun esa 300 ming so‘m. Kattaqo‘rg‘on shahrida mos ravishda 100/400 ming so‘m, Samarqand shahrida 250/750 ming so‘m.

Ko‘rinib turibdiki, qassob soliqdan qochib, noqonuniy yo‘lni tanlayapti. Ya’ni, u odamlarni sifatli go‘sht bilan ta’minlashni emas, faqat cho‘ntagini o‘ylayapti. O‘z navbatida, mutasaddilar ham bunga panja orasidan qarab kelmoqda.

Endi o‘zingiz o‘ylang, shunday sharoitda umumiy ovqatlanish shoxobchalari, bog‘cha va shifoxonalarda ishlatilayotgan go‘shtlarning sifati va xavfsizligi kafolatlanyaptimi? Balki, shuning uchun ba’zida ovqatdan zaharlanish hollari kuzatilayotgandir? Go‘sht aynan belgilangan joylarda, qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan savdoga chiqarilmayotgani uchun narxi kun sayin oshib borayotgandir?

Aslida mas’ullar kushxonalardan tashqarida noqonuniy mol so‘yilishi, go‘shtning sifatini belgilangan tartibda nazorat qilish, xavfsizligi kafolatlanmagan go‘shtni savdoga chiqarilishining oldini olishi kerak.

Buning uchun joylarda kushxonalar ham yetarli bo‘lishi va talabga javob berishi kerak. Ammo amalda bunday emas. Misol uchun, bugungi kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 25 ta kushxonalarning bor-yo‘g‘i 13 tasi avtomatlashtirilgan usulda chorva mollarini so‘yishi mumkin. Ushbu kushxonalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, veterinariya-sanitariya norma va qoidalariga amal qilinishida ham ahvol achinarli darajada.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida ushbu masala atroflicha muhokama qilindi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Kutamiz, sanitariya va veterinariya, soliq idoralari mas’ullari, hokimliklarning axborot xizmati bu haqda nima derkin?