Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ichki ishlar vazirligi Bekoboddagi voyaga yetmagan qizlar o‘rtasidagi janjal yuzasidan axborot berdi

Joriy yilning 17 oktyabr kuni “Facebook” internet ijtimoiy tarmog‘i orqali “Toshkent viloyati Bekobod shahar ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 4 qiz va 1 yigit talabasi, bir qizni urib tan jarohati yetkazgan” nomli xabar tarqalgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berishicha, joriy yilning sentyabr oyidan buyon ijtimoiy tarmoq orqali tanish bo‘lgan Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan 11-sonli ixtisoslashtirilgan san’at maktabining 2003 yilda tug‘ilgan o‘quvchi qizlari M.A. va D.Z. (Ruxshona) o‘rtasida turli kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Kelishmovchilikni bartaraf etish maqsadida D.Z. tanishlari bilan M.A.ni maktab hovlisining holi hududiga chaqiradi. Ular gap talashib qoladi va janjallashib ketadi. D.Z. M.A.ni bir-ikki marotaba urib, turtib yuborgan vaqtida M.A. muvozanatini yo‘qotib, beton qoplamaga peshonasining chakka qismi bilan yiqiladi. Ushbu holatdan so‘ng D.Z.ning tanishlari ularni ajratishgan.

Yiqilib tan jarohati olgan M.A. tanishi bilan Bekobod shahar markaziy shifoxonasiga borgan.

Shundan so‘ng, 21 sentyabr kuni M.A.ning dugonasi 2004 yilda tug‘ilgan N.M. uni shifoxonaga ko‘rgani borib, M.A.ning noroziligiga qaramasdan ijtimoiy tarmoq orqali D.Z. va uning tanishi Nozima ismli qizning fotosuratlarini “Qidirilmoqda” izohi bilan tarqatgan hamda shaharning jamoat joylari peshtaxtalariga yopishtirgan.

IIV Axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan D.Z.ning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi (“Qasddan badanga yengil shikast yetkazish”) da ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan. Biroq D.Z. voyaga yetmaganligi uchun Jinoyat kodeksining 17-moddasiga muvofiq uning va N.M.ning onalariga nisbatan farzandlarini tarbiyalash va ta’lim berish borasidagi majburiyatini yetarli bajarmaganligi sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismiga asosan, to‘plangan hujjatlar shahar hokimligi qoshidagi “Voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi”ga yuborilgan.