Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Intriga kuchaydi”, “shedevr gol”, “ajoyib seyf” - bu kabi ajnabiy so‘zlarning o‘zbekcha muqobili qurib ketganmi?

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va bu Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilganiga o‘ttiz yil bo‘lyapti. Shu davrda unga amal qilish, o‘rganish, sofligini ta’minlash, boyitish borasida izchil ishlar olib borilyapti. Bu borada qonun, qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan, qarorlar qabul qilingan.

Ona tilimiz g‘oyat go‘zal va rang-barang. Muloqotda, talaffuzda, yozuvda uning imkoniyatlari juda boy. Ammo o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatishga uringan ba’zi kishilar tilimizda muqobili bo‘lsa-da, ajnabiy so‘zlarni qo‘shib gapirishi g‘ashga tegadi. Bu borada O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Sport” kanali sport sharhlovchilarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. “Raqibga nisbatan fol ishlatildi”. Bu holatni, nima, “o‘yin qoidasi buzildi” deb aytsa bo‘lmaydimi? Yoki “goldan keyin intriga kuchaydi”. Buni “to‘p darvozaga kiritilgandan keyin o‘yin sur’ati oshdi” deyish mumkin emasmi? “Siz shedevr golni ko‘rdingiz”, “darvozabondan ajoyib seyf”... Tovba, sharhlovchi “chiroyli golni ko‘rdingiz”, “darvozabon mohirlik ko‘rsatdi yoki mohirlik bilan to‘pni qaytardi” desa bo‘lmaydimi?

To‘g‘ri, tillar o‘zga tillardan kirib kelgan so‘zlar bilan boyib boradi. Ammo chetdan kirib kelgan atama, nom, so‘zning milliy tilda muqobili bo‘lmaganda taomilga kiradi va uni hamma tushunadi. Ona tilimizga hurmatsizlik ayrim shaxslarning so‘zlashuv madaniyatida ham ko‘ramiz: Ruscha so‘zlarni aralashtirib gapirish bilan o‘zlarini ziyoli, boshqalardan madaniyatliroq deb bilishadi.

O‘zbek tili sofligini saqlash, undan faxrlanish tuyg‘usi haqida gap ketganda, xususiy savdo, umumiy ovqatlanish, tadbirkorlik sub’yektlariga nom qo‘yishda ma’nosiga tushunsa tushunmasa ajnabiy atamalarga mahliyo bo‘linayotganiga nima deysiz?

Samarqand shahrining markaziy ko‘chalaridan o‘tar ekansiz, ruscha, inglizcha nomlangan ob’yektlarga ko‘zingiz tushadi. “Biz O‘zbekistonda yashayapmizmi yoki Rossiya, Angliyada yashayapmizmi” degan o‘y o‘tadi xayolimizdan. Ona tiliga hurmat - millatga, Vatanga hurmat demakdir.

Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, “tilga e’tibor – elga e’tibor”. O‘zaro so‘zlashganda, minbarlarda, davralarda, sharhlarda, yozuvlarda fikrimizni sof o‘zbek tilida ifodalashni o‘rganaylik.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.