Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ishtixon tumani tarixi muzeyida nemis fotografining asari saqlanmoqda

Muzeyda bugun 1378 ta eksponat mavjud bo‘lib, ular davri va mavzusiga ko‘ra beshta - tarix, tabiat, etnografiya, mustaqillik va ko‘rgazma kabi zalga taqsimlangan.

Tabiat zalida tumanda bir paytlar bo‘lgan va bugungi kunga kelib yo‘qolib ketgan hayvonlar va qushlarning maketlari, o‘simliklarning turlaridan namunalar, tarix zalida hududdan topilgan arxeologik topilmalar - sopol idishlar, tangalar, omoch, etnografiya zalida tuman aholisi tomonidan ishlatilgan zargarlik buyumlari, taqinchoqlar, yog‘och eshiklar, cholg‘u asboblari, hovlilarning tashqi va ichki ko‘rinishlarining maketlari, mustaqillik zalida istiqlol yillari amalga oshirilgan o‘zgarishlardan fotolavhalar, ko‘rgazmalar zalida esa nemis foftografi Uyelrix Killerning “O‘zbek ayolining madaniyati” nomli asari o‘rin olgan. Unda ayollarimizning mehmon kutish madaniyati, to‘y marosimlarda o‘lanlar, laparlar aytish jarayoni o‘z aksini topgan.

– Joriy yilning aprelida Qulchara qishlog‘idan ostodon topildi, – deydi muzey direktori Zafar Muxtorov. – Bugungi kunda bu eksponat muzeyimizdagi eng qadimiy arxeologik topilmalardan biri hisoblanadi. Ostodon muzeyga tashrif buyurayotgan maktab va kollej o‘quvchilarining o‘tmishni tasavvur qilishida katta ahamiyatga ega.

Kelajakda muzey ko‘rgazmalari ko‘paytirilib, boyitiladi. Jumladan, odamzod rivojlanishining boqichlari haykalchalar yordamida yoritilib, ko‘rgazmalar tashkil qilinadi. Bundan tashqari, tabiat zalini boyitish maqsadida yurtimizning tog‘ va tog‘oldi hududlari aks etgan ko‘rgazma tashkil qilinadi.

Otabek ShARAFOV.