Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Islom Karimovning jurnalistlarga munosabati qanday edi?

Taniqli jurnalist Sohibjon Alijonov O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralari bilan bo‘lishdi.

«2000 yilning fevral oyi. “Davr”da muxbir bo‘lib ishlayman. Oliy Majlis sessiyasini yoritishga borganmiz. Sessiyada rahmatli Islom Karimov qatnashdi. Taomilga ko‘ra, oldin u kishi gapirdi, keyin boshqalar. O‘sha paytdagi katta amaldorlardan biri minbarda gapirayotgandi, Islom Karimov uni to‘satdan savolga tutib qoldi. Bechora amaldor o‘zini yo‘qotib qo‘yib, tayinli javob berolmaydi, nuqul dovdiraydi.

Bu menga erish tuyulib, yonimda o‘tirgan hamkasbim To‘lqin Po‘latovga asta gap qotdim:

— To‘lqinjon, qarang. Kap-katta odam, vazir bo‘lsa, gapini eplab gapirolmaydi-ya?! To‘lqinjon kulimsirab: “Aka, bunaqa vaziyatda sizam dovdiragan bo‘lardingiz”, dedi. “Hecham-da! Men bo‘lsam shartta-shartta gapirib tashlardim”, dedim.

Majlis tugab, ishxonaga qaytdik. Kelsak, “Davr”ning o‘sha paytdagi rahbari Furqat aka Zokirov kutib turgan ekan. “Tez Prezident devoniga jo‘nang, tushdan keyin yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘ladi, yoritasiz”, dedi. Boshliq amri vojib, jo‘nadim.

Bu yig‘ilishda ham rahmatli Islom Karimov anchagina gapirdi, qancha vaziru vuzaro, amaldorlarni tikka qilib, o‘zimizning til bilan aytganda “toza oborib-obkeldi”.

Yig‘ilish oxirlab qolganda birdan balkonda o‘tirgan jurnalistlarga qarab: “Qani, jurnalistlardanam gapiradiganlar bormi? Nima deysizlar bu holatga?”, deb qoldi. Kazo-kazo gazetalaru jurnallarning savlatdor rahbarlari sergaklanib, bir-birlariga qarashdi-yu, lekin birortasi yurak yutib mikrofonga chiqmaydi, deng. Prezidentning o‘sha paytdagi matbuot kotibi ularga qarab, turinglar birortalaring, degan ma’noda imlasa, hammasi ko‘zini olib qochadi. Vaziyat tarang. Shunda, matbuot kotibi menga qarab: “Chiq, Sohib! Chiqmasang, hozir dabdala bo‘ladi”, dedi. O‘rnimdan qanday turganim, mikrofon oldiga qanday kelganimni bilmayman. Xuddi tush ko‘rayotgandayman.

Ochig‘i, nima deganim, qanday gapirganim ham unchalik esimda yo‘q. Harqalay, har kim o‘z joyida sidqidildan ishlasa, yoshlarga kengroq yo‘l berilsa, yanayam yaxshi bo‘ladi, deganga o‘xshash gaplarni chalakam-chatti g‘o‘ldiradim.

Hartugul, ahvolimni tushundi shekilli, biroz kulimsirab, “Shu yerda o‘tirgan hamma rahbarlarga, mas’ullarga, jurnalistdan qochmanglar, ularning savollariga ochiq javob beringlar, shunda ishlarimiz yaxshi bo‘ladi, deb, sizning nomingizdan aytsam bo‘ladimi?” dedi. Men darrov bosh irg‘ab rozilik bildirdim».

Xullas, o‘sha ko‘rsatuv efirga ketgach, ancha mashhur bo‘lib yurdim. Lekin, yov qochsa botir ko‘payar, deganlardek, sening o‘rningda bo‘lganimda u deb tashlardim, bu deb tashlardim deganlaram ko‘p bo‘ldi. Bunday paytlarda, o‘sha birinchi yig‘ilishda boyagi amaldor, keyingi yig‘ilishda o‘zim qay holatga tushganimini eslardimu, kulib qo‘yardim.

Oradan sal o‘tib, Navro‘z bayramida birinchi Prezidentimizdan yana intervyu olishga to‘g‘ri keldi. Endigina savolga og‘iz juftlagandim, kulib: “Seni yaxshi bilaman, savoling doim tayyor. Mana, tunov kungi majlisimizda gapirganing ham yaxshi bo‘ldi. Ana shunaqa katta davralarda tajriba orttirishlaring kerak, ertaga o‘zlaringga kerak bo‘ladi. O‘zi o‘sha kuni dadil chiqib gapirganing uchun ham senga “Jasorat” medali berishimiz kerak”, dedilar.

Intervyu tugashi bilanoq, atrofdagi hamkasblar “muborak bo‘lsin”ga tushib ketishgan bo‘lsa-da, men u medalni ololmadim. Sababi, o‘sha voqeadan ko‘p o‘tmay, meni Prezident devoniga ishga olishdi. U paytlarda esa devonda ishlaydiganlarni mukofotlash unchalik urf emas edi.

Biroq, bunga sirayam achinmayman. Chunki ko‘nglimda rahmatli Islom Karimov haqida mukofotlardan ham qadrliroq va yoqimliroq xotiralar, u kishidan ko‘rgan yaxshiliklarim qoldi.

Menga shunday tuyularmidi yoki rostdan ham shundaymidi, jurnalistlarni o‘ziga ancha yaqin olardilar, rahmatli. Hatto ba’zan-ba’zan davlat rahbari, rasmiy shaxs ekaniniyam esdan chiqarib, biz muxbirlar bilan shunchaki, qiziq gaplardan chaqchaqlashganlariniyam eslayman.

Alloh joylarini jannatdan qilgan bo‘lsin!