Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jangovar ikkilik va uchlik bilan harakatlanish taktikasi amaliyotga tatbiq etildi (foto)

Samarqand viloyatidagi “Sazag‘on” poligonida Mudofaa vazirligi va Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan hamkorlikda jangovar tayyorgarlikning yangi usullari amaliyotga tatbiq etildi.

Doimiy jangovar shaylikdagi harbiy qism harbiy xizmatchilari bilan shahar va cho‘l sharoitida jangovar tarkib bilan hujumga o‘tish, otish pozitsiyalarini o‘zartirish, qayta mudofaalanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqildi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida ushbu harakatlanish amaliyotda ko‘rib chiqilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

– MDH davlatlari Qurolli Kuchlari ichida Milliy armiyamizga mos ravishda jangovar tayyorgarlik usullarini birinchilardan bo‘lib amaliyotga tatbiq etyapmiz, – deydi Mudofaa vazirligi mas’ul ofitseri, podpolkovnik Mashhur Aglayev. – Oxirgi o‘n yil ichida turli davlatlarda yuz bergan terrorchilik bosqinlari va ularni bartaraf etish bo‘yicha taktik harakatlar o‘rganib chiqildi. Shu asosda bugun poligonda bo‘linmalar bilan bir nechta taktik harakatlanish usullari ko‘rib chiqilmoqda.

Amaliyot davomida bo‘linmalarning sun’iy to‘siqlardan o‘tish, binoni qurshab olish va ishg‘ol qilish kabi ruhiy hamda jismoniy sifatlari sinovdan o‘tkazildi.

Markaziy harbiy okrug harbiy qismi bo‘lim komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Abduxalilovning ta’kidlashicha, Samarqand harbiy-ma’muriy sektori rejasiga muvofiq shahar va tumanlardagi o‘quvchi-yoshlar bu kabi amaliyotlarga taklif qilinmoqda. Bunda harbiylarning nimalarga qodirligini jamoatchilikka namoyish qilish, shu orqali ularda harbiy-vatanparvarlik hissini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati.