Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi talabalardan pora olganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda sessiyalar vaqtida ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’magirlik holatlari yuz berayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

Shu mazmundagi murojaat Samarqand veterinariya meditsinasi instituti 1-bosqich talabalarining ota-onalari tomonidan anonim tarzda yo‘llangan.

Murojaatda institutning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Asror Hamdamov go‘yo “3”, “4” yoki “5” baholar uchun 50, 300, 500 ming so‘mlik “stavkalar” belgilaganligi va o‘qituvchiga sessiya uchun pul bermagan o‘g‘il bolalar 3 kilometr, qizlar 2 kilometr yugurishi kerakligi haqida aytilgan.

Ushbu holat ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi. Xulosaga ko‘ra, joriy yilda karantin sababli darslar 2020 yil 16 noyabrdan an’anaviy ta’lim shakliga o‘tilgan. 2021 yilning 11 yanvar qishki ta’tildan so‘ng an’anaviy o‘quv jarayonlari davom etib kelmoqda. Institutda kuzgi semestr yakuniy nazorat ishlari 1-, 2-, 3-bosqich talabalari uchun 2021 yil 19 yanvardan boshlanishi belgilangan.

Institutda rektor boshchiligida korrupsiyaga qarshi doimiy komissiya tuzilgan. Sessiyalar shaffof o‘tishi uchun yakuniy nazorat ishlari boshqa o‘qituvchilar tomonidan olinishi belgilangan hamda yakuniy nazoratlarni o‘z vaqtida, sifatli va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida ishchi guruh tuzilgan. Talabalar turarjoylari va fakultetlarda “Adolat qutilari” mavjud. (Bu qutilarga talabalar oddiy usulda xat yozib tashlashlari mumkin).

Shu bilan birga murojaatlar uchun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektorining virtual qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. http://qabulxona.samvmi.uz/ ushbu havola orqali muammo va shikoyatlar bo‘yicha rektorga shaxsan murojaat qilish mumkin. Institut rasmiy veb-sayti va telegramm kanallarida korrupsion vaziyatlar bo‘yicha so‘rovnoma va anonim anketalar muntazam o‘tkazib kelinadi.

Murojaatda aytilgan institutning gumanitar fanlar, jismoniy  madaniyat va sport kafedrasi o‘qituvchisi Asror Hamidov shaxsi o‘rganib chiqildi. A.Hamidov mazkur kafedrada 16 yildan beri faoliyat ko‘rsatadi. Shu kunga qadar talabalar va boshqa xodimlar tomonidan unga nisbatan nojo‘ya fikrlar bildirilmagan (Maoshi 4 million so‘m). A.Hamidovning o‘zi bu ayblovlarni rad etdi va “asossiz bo‘hton” deb baholadi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.