Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboy tumani hokimi va sektor rahbarlari yoshlar bilan uchrashdi

Toshkentda, Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 2019 yil 27 dekabr kuni Prezident va yoshlar uchrashuvi o‘tkazilgandi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Jomboy tumanidagi 51-umumta’lim maktabida o‘tgan tadbirda Beshbola mahallasida istiqomat qilayotgan yoshlar tuman hokimi va sektor rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi, hududda sport va san’at to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Shavmanov harbiylashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish asoslari yuzasidan tushuncha berdi. Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi F.Suyarov o‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi rejalar hususida gapirdi. Tashkilotning Yoshlar masalalari agentligi sifatida qayta tashkil etilayotgani bu boradagi imkoniyatlarning yanada kengayishiga xizmat qilishini qayd etdi.

– Ta’lim sifatini oshirish, maktablarni yangi, zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash masalasida ham so‘z bordi, – deydi yoshlar ittifoqi yetakchisi M.Xolsaidov. – O‘ylashimizcha, tizimga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol jalb etish kerak. Tadbir o‘tkazilgani haqida fotoalbomlaru hisobotlarning davri o‘tdi. Buning o‘rniga internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sifatli axborot bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq.

47-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbir yoshlarning keng doirasini qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Qoramo‘yin mahallasi yoshlari tadbirkorlik, biznes yuritish, imtiyozli kredit olishda o‘zlari duch kelgan muammolar haqida murojaat qildi. Maktab uchun sport zali qurish, informatika sinfxonasini kompyuter jihozlari bilan ta’minlash borasida tuman hokimi H.To‘ychiyevdan amaliy yordam so‘raldi.

– Ushbu masala ham diqqat-e’tiborimizda turibdi, – dedi hokim. – Viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan maktabga 15 ta so‘nggi avlod kompyuter jamlanmasi ajratilgan. Tez kunda jihozlarni maktabga keltirish va o‘rnatish chorasi ko‘riladi.

Tadbir davomida yoshlarning 20 ga yaqin murojaati o‘rganish uchun ro‘yxatga olindi va mutasaddilar biriktirildi.

***

Hokim va sektor rahbarlari fan olimpiadalarining tuman bosqichi o‘tkazilayotgan 40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga ham tashrif buyurdi.

Yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish asnosida mutasaddilar iqtidorli o‘quvchilar va ota-onalar bilan suhbatlashdi. Tadbirni sifatli va shaffof o‘tkazish, haqiqiy bilimi bor o‘quvchilarga imkon berish zarurligi aytildi.

– Prezidentimiz tomonidan iqtidorli o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas, – dedi tuman prokurori A.Turumov. – Iste’dodli yoshlar Vatanimiz ertasi uchun muhim ahamiyatga ega. Mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ham ko‘p jihatdan yoshlar salohiyatiga bog‘liq. Ayniqsa, fan va sport tanlovlarida shuni yodda tutishimiz zarur. Zero, kelajakka xiyonat qilishga hech kimnning haqi yo‘q.

Tashrif davomida shaffoflikni ta’minlash maqsadadi auditoriyalar kuzatuv kameralari bilan jihozlangani, o‘quvchilarning ustozlari va ota-onalariga jarayonni kuzatib borish imkoni yaratilgani e’tirof etildi.

Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.