Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kamongaron va Vag‘ashti mahallalarini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasida oqsoqollar bilan maslahatlashildi

Azal-azaldan aholi zich joylashgan hududlarda yer va suv masalasi dolzarb muammolar sirasiga kirgan. 513 mingdan ortiq aholi yashovchi Urgut tumanining tog‘li hududlarida ham shu kabi masalalar ko‘zga ko‘rinib, aholi tortishuvlariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Kamongaron va Vag‘ashti mahallalarida ham uzoq yillardan buyon ichimlik suvi taqsimoti bilan bog‘liq muammo mahalliy aholining e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Ushbu ikki qishloq ahlining ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish, tunu kun kafolatlangan toza ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida bugungi kunda qator loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Bugun Kamongaron va Vag‘ashti mahallalarining faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda shu masala atroflicha muhokama qilindi.

Erkinjon Turdimov bir hafta muddat ichida mavjud suv tarmoqlarini tozalash, ayrim hududlarda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilishini ma’lum qilgan holda parallel ravishda bugungi kunda aholini qiynab kelayotgan, sutka davomida 2-3 soat yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvi masalasini yaxshilash, ya’ni 24 soat davomida suv ta’minotini ta’minlash imkonini beruvchi suv taqsimlash hamda tozalash inshootlarini barpo etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi loyihalar tuzilishida hudud aholisining fikri, takliflari ham hisobga olinayotganligini qayd etdi.

Tez fursatda loyiha takliflari taqdimoti o‘tkazilib, mahalliy aholi bilan hamfikrlikda maqbul loyiha taklifini amaliyotga tatbiq etish borasida ishlar boshlanishi bildirildi. Viloyat hududlarida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlar davom etmoqda.