Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Karantin sabab ota 42,9 million so‘m alimentni oldindan to‘ladi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2018 yil 8 oktyabrdagi qarori bilan Samarqand tumanida yashovchi fuqaro B.J.ga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish borish belgilanib, Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Shu vaqtga qadar fuqaro B.J. aliment to‘lovlarini istab-istamasdan, faqat MIB tuman bo‘limi xodimlarining talabi va aralashuvi bilan to‘lab kelayotgan edi.

Bugun koronavirus pandemiyasining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan karantin va qisman cheklov choralari sharoitida muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta’minlangan va ijtimoiy hisoyaga muhtoj aholini  qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini inobatga olgan holda  Byuroning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tushuntirish va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, qarzdor B.J. bilan ham atroflicha suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilib, bugungi sinov kunlarida farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirildi. Bunday maslahat va suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan B.J. shu kuni farzandlari voyaga yetguniga qadar bo‘lgan 42 million 927 ming so‘m pulni oldindan to‘lab berdi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.