Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘on tumani XTB “Barkamol avlod” bolalar maktabiga oylik ish haqini kam hisoblagan

Prezidentimizning 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Barkamol avlod” tuman (shahar) bolalar markazlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablari tashkil etildi.

Mazkur qaror ijrosi Kattaqo‘rg‘on tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida monitoring tartibida o‘rganilganda, tuman xalq ta’limi bo‘limi hisobxonasining qaror talablariga rioya etmaganligi aniqlandi.

Xususan, maktabda jami 45 nafar xodim, jumladan, direktor, direktor o‘rinbosari, 6 nafar uslubchi va 37 nafar to‘garak rahbarlari mehnat qiladi. Hujjatlar o‘rganilganda, hisobxona tomonidan maktabning direktori, direktor o‘rinbosari, uslubchi va to‘garak rahbarlariga yanvar, fevral va mart oylari qarorda belgilangan miqdordan kam ish haqi to‘lab berilganligi aniqlandi.

Negaki, qarorda Xalq ta’limi, Moliya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarning “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalarini 2020 yil 1 yanvardan direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga, to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshirish hamda instruktor-uslubchilar va uslubchilar mehnatiga haq to‘lash tartibini bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshirish va ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

Biroq tuman xalq ta’limi bo‘limi hisobxonasi qarordagi mazkur talablarga rioya etmagan.

Shu bois, hisoblanmagan va to‘lanmagan 46 million 819 ming 894 so‘m ish haqlarini to‘lash bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritildi.

O‘tkir HAKIMOV,

Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.