Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Keling, ko‘ring, o‘qing...

Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazining tarixi 1911 yilga borib taqaladi.

Dastlab ushbu ziyo maskani 2 ming nusxaga yaqin adabiyot bilan faoliyat boshlagan va uning xizmatidan bir necha yuz kishi foydalangan. Keyinchalik kitob fondi boyib, 1937 yilda kutubxonaga Pushkin nomi berilib, davlat kutubxonasi maqomiga ega bo‘lgan.

Ayni paytda markaz kitob fondida 700 mingga yaqin saqlash birligi, jumladan, periodika, gramzapislar va nota nashrlari mavjud. Kutubxonaga har yili 30 mingga yaqin kishi obuna bo‘ladi. So‘nggi yillarda o‘lkashunoslik bo‘limi, kataloglar va kartotekalar bo‘limi, huquqiy axborot markazi, Gyote instituti ko‘magida nemis tilidagi adabiyotlar o‘quv zali, bolalar adabiyotlari bo‘limi tashkil etildi.

Ammo markazning binosi bugungi kun talablariga javob bermas, qadimiy va noyob kitob fondini saqlash uchun qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish zarurati yuzaga kelgandi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy-ma’naviy hayotmizga oid 5 muhim tashabbusning ilgari surilishi bizning markaz hayotida ham muhim burilish yasadi, – deydi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Nargiza Saidmurodova. – Besh tashabbusning to‘rtinchisi bo‘lgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yo‘nalishi hamda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida markazimizni rekkonstruksiya qilish uchun viloyat mahalliy byudjetidan 6 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shuning hisobidan binomiz zamon talablariga muvofiq ta’mirlanib, kutubxona uchun qanday sharoit, imkoniyat zarur bo‘lsa, barchasi yaratib berildi, jihozlar to‘liq yangilandi.

Samarqand shahri markazidagi Universitet xiyobonida joylashgan ushbu ziyo maskaniga qadam qo‘ysangiz qalbingiz ilm nuridan bahra olishi, shubhasiz!