Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan 7 nafari to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi

Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab tahdid solib turgan bir paytda, yurtimizda ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimiz sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda kurashmoqdalar.

Quvonarli jihati, fidoyi va vatanparvar shifokorlarimiz sa’y-harakati tufayli yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimizning dastlabki 7 nafari butunlay sog‘aydi, deb xabar berdi Sog‘likni saqlash vazirligi.

Ular Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas’ullar tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya tibbiyot markaziga kuzatib qo‘yildi. Kasallikdan xalos bo‘lgan fuqarolarimiz ma’lum muddat shu yerda karantinda bo‘lishadi.

Xastalikdan forig‘ bo‘lgan bemorlarimizning ham quvonchi cheksiz. Ular Prezidentimizga, fidoyi shifokorlarimiz, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yordam berayotgan barcha insonlarga chuqur minnatdorlik bildirishmoqda, duo qilishmoqda. Ushbu quvonch ko‘z yoshlari ayni paytda infeksiya tarqalib ketishining oldini olishda kecha-yu kunduz tinmay mehnat qilayotgan barcha insonlar faoliyatiga munosib baho, munosib ehtiromdir.