Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Koronavirusning yangi shtammi yangi chora-tadbirlarni talab qiladi

Dunyoda koronavirusning yangi shtammi avj olib borayotgan bir vaqtda yurtimizda kasallik xuruji nisbatan pasayganini ko‘rib turibmiz. Ammo bu quvonishga sabab bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati shu boradagi masalalarga aniqlik kiritish maqsadida vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayevaga murojaat qildi:

- 2020 yil koronavirus pandemiyasi bilan esda qoldi. Bu virusning asoratlarini avvaliga tushunmadik, - deydi Sevara Ubaydullayeva. - Shunga qaramasdan, o‘z vaqtida bu kasallikni davolash, kasallik asoratlarining oldini olish va tarqalishini nazorat qilish orqali koronavirusdan kasallanish holatlarining nisbatan kamayishiga erishdik.

Hozirda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi, shu bilan birga yukumli bo‘lgan boshqa infeksiyalar ham nazoratga olindi, desak bo‘ladi. Bu degani ko‘chalarda bemalol yurishimiz mumkin, degani emas. Sababi, hozir dunyo bo‘yicha ham, yurtimizda ham koronavirus infeksiyasi to‘liq yo‘q bo‘lib ketmadi. Ayniqsa, bu infeksiya boshqa viruslardan farqli o‘laroq, tez-tez mutatsiyaga uchramoqda. Xususan, Buyuk Britaniyada mutatsiyaga uchragan yangi shtammi tezlik bilan tarqalmoqda. Oxirgi sutka davomida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning 740 221 ta yangi holati aniqlanishi, eng achinalisi, 12 502 nafar bemor vafot yetgani bizni hushyor torttirishi kerak. Chunki koronavirus mutatsiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta’kidlab kelmoqda.

Koronavirusning bu shtammi, Buyuk Britaniya olimlarining ta’kidlashicha, infeksiyaning odatiy turiga ko‘ra, yuqumliligi 71 foizni tashkil etadi, ya’ni birlamchi paydo bo‘lgan koronavirus infeksiyasiga qaraganda o‘ta yuqumlidir. Shu bois, bu kasallik kirib kelishining oldini olish maqsadida 20 dan ortiq davlatlar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi.  Shuningdek, O‘zbekistonda ham bir necha davlatlar qatorida Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlar vaqtincha to‘xtatildi.

Dunyodagi ko‘pgina davlatlar o‘z ixtiyori va imkoniyatidan kelib chiqib, boshqa davlatlardan kirib kelayotgan fuqarolarni tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Bu bilan koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olishga qisman erishmoqdalar. Xususan, bizda ham har bir chegara xududlarida, aviaqatnov yoki temir yo‘llar orqali kirib kelayotgan fuqarolar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.