Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Lev Tolstoy islom dinini qabul qilganmi?

“Har qanday aqlli insonning yakuniy to‘xtami islomdir”. Yozuvchi Lev Tolstoy mazkur iborani qo‘llagani haqida ko‘plab internet nashrlarida yozildi. Keyin bu adibning musulmon bo‘lganligi to‘g‘risida farazlar paydo bo‘ldi. Biroq aynan shu iboraning muallifi Tolstoy ekanligi isbotini topmadi.

Ammo ushbu jumlaning paydo bo‘lishi ham asossiz emasligini tan olish kerak. Haqiqatda Lev Nikolayevichning islomga munosabati o‘zgacha edi. U boshqa rus klassiklaridan (XIX asr rus adiblari) farqli musulmon ahli bilan yaqin aloqalar o‘rnatgandi.

13 yoshida yosh Tolstoy opasi bilan Qozonga, xolasining uyiga ko‘chib keladi. O‘sha yerda uning musulmonlar bilan dastlabki munosabatlari o‘rnatiladi. Bir necha yildan so‘ng u ta’lim olish uchun mahalliy universitetning Sharqiy tillar bo‘limini tanlaydi. Biroz vaqt o‘tgach, ta’limini yuridik fakultetiga ko‘chiradi. Shuningdek, musulmon madaniyati bilan yaqindan tanishadi, turkiy va arab tillarini o‘rganadi.

XIX asr o‘rtalarida Tolstoy akasi bilan Kavkazga boradi va u yerda 3 yil yashaydi. Bu vaqt oralig‘ida u harbiy harakatlarda ishtirok etadi, shu bilan birga kavkaz musulmonlarining turmush tarzini, urf-odatlarini o‘rganadi. Imom Shamil va Hoji Murod bilan tanishadi. Keyinchalik Tolstoyning Kavkazdagi taassurotlari asosida “Kazaki” va “Xadji – Murat” hikoyalari yoziladi.

Anri Truayyaning “Lev Tolstoy” kitobida yozuvchining rus-turk urushi vaqtida farzandlari bilan turk harbiy asirlarining oldiga, Tulaga borganligi tasvirlangan. Muallifning yozishicha, har bir asirning qo‘lida muqaddasi Qur’on kitobi borligi Tolstoyni hayratda qoldirgan.

Lev Nikolayevich o‘zining musulmon do‘stlarini butun umr yodida saqlaganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Misol uchun, Tolstoy o‘zini qimor “botqog‘i”dan qutqarib olgan chechen Sado Miserbiyev haqida tez-tez xotirlardi. Ya’ni, qimorda katta miqdordagi pulga mag‘lub bo‘lgan yosh Tolstoyga Sado yordam beradi. U Tolstoyning pullarini qimorda yutib, qaytarib beradi.

Adib islomga shunchaki qiziqish bildirmagan, u islom dini vakillari bilan yaqindan aloqada bo‘lgan. Ulardan biri Muhammad Abdu bilan xat orqali fikr almashgan. Misr muftiysi Muhammad Abdu Tolstoyga uning ko‘plab g‘oyalari mamlakati fuqarolari ongiga ijobiy ta’sir o‘tkazayotganligini ta’kidlab xat yozgan.

Tolstoy har doim o‘sha davr rus jamiyati uchun begona, noodatiy fikrlari va qarashlari bilan ajralib turgan. U shunday yozadi: “Dunyo barcha sohada Masih (Xristos) ta’limotiga teskari hayot tarzini o‘rnatdi. Cherkov esa yot qarashlarni o‘ylab topdi. Unga ko‘ra, Masih qonunlariga teskari yashagan insonlar u bilan hamjihatlikda yashamoqdalar”.

Bunday tanqidiy fikrlar tufayli Tolstoyni cherkovdan mahrum qilishdi. Ehtimol, aynan shu voqea yozuvchining pravoslav ta’limotlaridan o‘zga yo‘l axtarishiga va boshqa dindan tasalli izlashiga sabab bo‘lgandir.

Shunisi qiziqki, musulmon erkak bilan nikohda bo‘lgan rus ayoli Tolstoydan o‘g‘illari islom dinini qabul qilmoqchi bo‘layotganligi to‘g‘risida maslahat so‘raganda, u shunday javob bergan: “... Xristianlik dinini va ta’limotini uning asl ma’nosida yuqori qo‘yuvchi men uchun buni aytish qanchalik ajablanarli bo‘lishiga qaramasdan, men uchun Muhammad (s.a.v.) ta’limoti o‘zining hozirgi shaklida cherkov pravoslaviyasidan ustun ekanligiga shubha yo‘q...”.

Garchi, Tolstoyda bunday fikrlar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, u islom dinini rasman va oshkora qabul qilmadi. Yusuf Tunchbilek o‘zining “Tolstoy musulmon bo‘lganmi?” nomli maqolasida, shunday deydi: “U bizning dinimizga nisbatan hech qanday qiziqishda bo‘lmagan, deb tasavvur qiladigan taqdirimizda ham uning o‘y-fikrlarida va so‘fiylarnikidek hayot tarzida musulmonlar undan o‘rgansa arziydigan ko‘plab misollar mavjud”.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.