Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahallalardagi o‘zibo‘larchilik, loqaydlik, befarqlik kechirilmaydi

Samarqand viloyati hokimligining mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga asosan Paxtachi tumani mahallalar kengashi va mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyati o‘rganildi.

Mahalla - tarbiya o‘chog‘i, ma’naviyat maskani. Bu maskanning ostonasi esa, shubhasiz, mahalla fuqarolar yig‘inlari idorasi sanaladi. Shu nuqtai nazardan o‘rganishlarimizni tuman mahallalar kengashi idorasidan boshladik.

Afsuski, kengashning o‘zida muammolar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday «ko‘pchib» chiqdi: kengashning o‘z binosi yo‘q, tuman pochta-aloqa bog‘lamasi idorasida ijarada faoliyat yuritmoqda, xodimlar uchun sharoit yetarli emas. O‘rganishlarimiz davomida bildikki, tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham ahvol bu yerdagidan yaxshi emas.

Tumanda 59 mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 21 tasining binosi yo‘q, 32 mahalla idorasi ta’mirtalab, 23 mahalla fuqarolar yig‘inlari kompyuter jamlanmasiga, 38 mahalla mebelga muhtoj.

Masalan, Mirzo Ulug‘bek mahallasi tuman “Toza hudud” davlat unitar korxonasining binosida ijarada turadi. Bino avariya holatida. Mahallaga berilgan xonalarda yoritish hamda isitish tizimi mavjud emas. Mebellar bilan ta’minlanmagan, bori ham yaroqsiz. Tumanning birinchi sektori rahbari 2018 yilda kengash hamda ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini uchun ikki qavatli bino qurib berishni va’da qilgan, ammo va’da va’daligicha qolgan.

Keshtali mahallasi esa tadbirkorga tegishli binoning bittagina xonasida ijarada faoliyat yurityapti. Tabiiyki, bunday joyda xodimlarning ishlashi uchun sharoit yo‘q. Nayman hamda 2017 yilda yangi zamonaviy binoga ega bo‘lgan Boltali mahallalarining kadastr hujjatlari tayyorlanmagan.

Qaysi mahalla obod bo‘lsa, o‘sha yerda turmush fayzli, barakali bo‘ladi. Bu barakani ta’minlash boshida albatta, mahalla raisi, kotibi, faollari turadi. Ammo ularning o‘zlari jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq, o‘zi ishlab turgan bino, uning hovlisiga e’tiborsiz bo‘lsa, bunday xodimlardan nima kutish mumkin? Masalan, tumandagi Tadbirkor mahallasi binosining atrofi chiqindilarga to‘la, Qoratepa mahallasi binosi tomini termit bosgan, Bodoy mahallasi binosi tomidan suv o‘tgan, devorlari yorilgan. Bo‘ston mahallasida ham xuddi shunday holat.

Nazoratning sustligi, aholi o‘rtasida umumprofilaktik tadbirlar o‘tkazilmayotganligi bois ayrim mahallalarda o‘zibo‘larchilik kayfiyati hukmron. Oqibatda Nayman, Bodoy, Jahonobod, Istiqlol, Mirza Salimiy, Obodon, Suluvqo‘rg‘on, Mirza Olim, Burqut, Toma, Gulshan mahallalarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar ko‘paygan. Qoratepa, Nayman mahallalarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir etuvchi holatlar, jumladan, erta tug‘ruq, o‘z joniga qasd qilish va sha’riy nikohlar qayd etilgan.

Bugungi talab - mahalla raislari faollar bilan birga xonadonma-xonadon yurib muammolarni o‘rganishi, tegishli manfaatdor tashkilotlarning hisobotlarini eshitishi, kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlashi, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirishi, aholini ish bilan ta’minlashi kerak. Ammo bu masalalar aksariyat mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek, Keshtali, Dabusqala, Nayman, Farovon-Yo‘ldoshobod, Shamsnazar, Qiltamg‘ali, Boltali, Tadbirkor, Mirkan, Fay, Qoratepa, Bodoy, Istiqlol, Bo‘ston, Jahonobod, Nahripay, Saroy, Oqtepa, Guliston, Taraqqiyot, Obodon, Mirzo Salimiy, Toma, Istiqbol, Yobu, Mirza Nodim, Mirza Olim, Hunarmand, Go‘ro‘g‘li, Gulshan mahallalari rais va xodimlarning vazifalari taqsimoti ishlab chiqilmagan. Asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyati talab darajasida emas. Kengash yig‘ilishlarida profilaktika inspektori, ta’lim muassasalari rahbarlarining hisobotlari, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalardan biriktirilgan mas’ullarning axborotlari eshitilmagan.

Ijro intizomiga amal qilinmayotgani, yuqori tashkilotlardan kelayotgan xat va hujjatlar ijrosi belgilangan muddatlarda ta’minlanmayotgani aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularni sport, fan va musiqa to‘garaklariga jalb etish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

O‘rganishlar jarayonida Mirzo Ulug‘bek, Dabusqal’a mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mutaxassisi, Keshtali va Farovon-Yo‘ldoshobod mahallalari mas’ul kotiblari vazifasidan ozod etildi. Shamsnazar va Qiltamg‘ali mahallalari raislarining ishda qolish yoki qolmaslik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, tumandagi 5 mahalla fuqarolar yig‘inlariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mablag‘lari hisobidan beshta kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Tuman mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tuzilib, ko‘tarilgan masalalar ijroga qaratildi.

B.NASRIYEV,

viloyat mahallalar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari.