Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Maktabgacha ta’lim vazirligi Bekobodda bolalarning zaharlanishi bo‘yicha yakuniy xulosa berdi

O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi Bekobod tumanidagi 15-sonli maktabgacha ta’lim muassasi tarbiyalanuvchilari zaharlanishining kelib chiqishi sabablari bo‘yicha tekshiruv xulosasini ma’lum qildi.

Vazirlikning Respublika davlat Sanitariya va epidimiologiya nazorati markazi xulosasiga tayanib xabar berishicha, bolalarda kuzatilgan o‘tkir diareya va gastroenteritga taom tayyorlash texnologiyasining qo‘pol tarzda buzilishi, nomuvofiq taomnoma hamda ovqatlanish bo‘limi va MTTning boshqa xodimlari (tarbiyachilar va ularning yordamchilari) tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilmaganligi sabab bo‘lgan.

"15-sonli MTT mudirasi Raxmatullayeva Mohira Abdumalikovna, oshpaz Qahramonova Shohida Abrorovna va hamshira Ergasheva Mavluda Ergashevna lavozim majburiyatlarini bajarmaganligi va loqayd xatti-harakati oqibatida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi sababli egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.

27 sentyabrdan 6 oktyabrgacha MTT faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Tashkilotda umumiy tozalash, dezinfeksiya tadbirlari va MTTdagi sanitariya-texnika vositalarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Xodimlarga sanitariya normalari va qoidalari bo‘yicha 3 kunlik o‘qish tashkil etilgan. MTT 7-oktyabrdan boshlab ishga tushdi va tarbiyalanuvchilarni yana qabul qila boshladi", deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, oldin Bekoboddagi bog‘cha tarbiyalanuvchilarining zaharlanganligi haqida xabar bergan edik.