Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Markaziy Osiyo va Shimoliy Hindiston aholisining kelib chiqishi masalasiga samarqandlik olim ishtirokida oydinlik kiritildi

Jahonning mashhur “Science” jurnalida «Janubiy va Markaziy Osiyo aholisining shakllanishi» nomli ilmiy maqola chop etildi. Ushbu maqolada Yevroosiyo mintaqasi xalqlarining kelib chiqishi bilan bog‘liq so‘nggi 10000 yillik tarixga oydinlik kiritilgan. Ya’ni tadqiqotda mazkur hududlarda olib borilgan antropologik izlanishlarda qo‘lga kiritilgan 524 ta qadimgi inson qoldiqlari (skeletlari) antropogenetik tahlil qilingan.

Bu tadqiqotda O‘zbekistonning 6 ta arxeologik yodgorligidan topilgan antropologik materiallar ham taqdim qilingan va DNK tahlillari olingan.

Burial site

Ushbu ilmiy xulosalar so‘nggi 200 yildan beri o‘z yechimini kutayotgan Markaziy Osiyo va Shimoliy Hindiston aholisining kelib chiqishi muammosiga oydinlik kiritdi. Ya’ni, tadqiqot natijalariga ko‘ra, mazkur hudud aholisining shakllanishida Yevroosiyo dashtlari aholisi asosiy o‘rin tutgan. Genetik DNK natijalari arxeolog va antropolog olimlar bilan hamkorlikda o‘rganilgan ilk tadqiqot samarasidir. Markaziy Osiyo va Yevroosiyo bo‘yicha to‘plangan qadimiy DNK qoldiqlari Amerikaning Harvard universiteti laboratoriyasida tahlil qilingan.

Loyihada dunyoning 80 dan ortiq nufuzli ilmiy markazlaridan 117 nafar olimlar ishtirok etgan. Unda hamyurtimiz antropolog olim, tarix fanlari nomzodi, Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov ham qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, “Science» - fanni rivojlantirish bo‘yicha Amerika assotsiatsiyasining ilmiy jurnali hisoblanadi. U dunyoning eng nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan ushbu jurnalning 130 ming obunachisi bor. Elektron nusxasini 1 million muxlis kuzatib boradi. Jurnal ofisi Amerikaning Vashington va Buyuk Britaniyaning Kembrij shaharlarida joylashgan.

Rahim QAYuMOV,

SamDU ilmiy-amaliy muzey-laboratoriyasi mudiri.