Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mol o‘g‘riligida gumon qilingan fuqaroni o‘ldirgan IIB xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Xabaringiz bor, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak A.Yu. 22 yanvar, chorshanba kuni yashash uyidan mol o‘g‘rilaganlikda gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani va 23 yanvar kuni esa IIBdan murdasi chiqqani haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat yuzasidan IIB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, 2020 yilning 23 yanvar kuni soat 01:50 da Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida sodir etilgan chorva mollari o‘g‘riliklarini fosh etish borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida o‘g‘irlikda gumon qilinib, Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelingan Yu.A vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan O‘zR JKning 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilmoqda.

Tergov davomida jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.

Tergov yakuni bo‘yicha batafsil axborot beriladi.