Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpaylik deputatlar oilalarni kambag‘allikdan chiqarishda ko‘makchi

Narpay tumanida karantin sababli turmush tarzi og‘irlashgan oilalarga tuman Kengashi deputatlari ham yaqin yordam bermoqda.

Xususan, 18-O‘zbekiston saylov okrugidan saylangan deputat Bozor Hasanov tashabbusi bilan hududdagi bir nafar kam ta’minlangan oila a’zosi “Oqtoshdon” korxonasiga ishga joylashtirildi. Aynan shu fuqaroning turmush o‘rtog‘i fermer xo‘jaligida ish bilan ta’minlanib, tomorqasidan samarali foydalanishlari uchun 1000 tup pomidor, 1500 tup bulg‘or qalampiri va 500 tup achchiq qalampir ko‘chatlari berilgan.

Bundan tashqari, deputat boshchiligida va bevosita uning ko‘rsatmalari asosida mahalladagi 2 ta kam ta’minlangan oila tomorqa maydonida 6 sotixdan issiqxona tashkil etilib, oilaga daromad manbai shakllantirilgan.

- Bunday misollarni yana o‘nlab aytib o‘tish mumkin, - deydi tuman hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Botir Jabborov. – Muhimi, bu ishlarning boshida aynan deputatlar turibdi, saxovat va ko‘mak ishlari xalq vakillari tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Bugun tumandagi 56 mahallada 45 951 oila bo‘lsa, o‘rganishlar davomida 3011 ta muhtoj oila mavjudligi aniqlandi. Qo‘ldan berganga qush to‘ymas, deydi dono xalqimiz. Shu bois, ehtiyojmandlarning qornini to‘ydirish emas, moliyaviy ahvolini o‘nglab olishiga yordam berilmoqda.

Misol uchun, 20-Muqimiy saylov okrugidan deputat Ruqiya Shukurova saylovchilaridan biriga 30 million so‘m imtiyozli kredit olishida amaliy yordam ko‘rsatdi. 1-Ultov saylov okrugidan deputat Bekzod Orziqulovning tashabbusi bilan Birlik va Xo‘jakarzon mahallalarida 0,7 kilometr zovur qazilib, aholini qiynab kelayotgan muammo – tomorqa maydonlaridagi zax suv bartaraf etilgan. Shuningdek, Zoir ota mahallasidagi Mo‘g‘ulkenti qishlog‘idagi 0,9 kilometr yo‘l, Quyiravot qishlog‘ida 0,6 kilometr yo‘l shag‘al to‘kib tekislangan.

6-Oq oltin saylov okrugidan saylangan deputat Karim Maxamadiyev esa Toshko‘prik mahallasida yashovchi 52 nafar fuqaroni fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirib, bandligini ta’minlangan.

Xalqimizning mehr-oqibat, yiqilganni suyash kabi insoniy fazilatlari shu kunlarda yangicha mazmun kasb etmoqda. Xususan, Turon mahallasida yashovchi 87 yoshli Ali bobo Toshevning muammolari o‘rganilib, uning uyini ta’mirlab, qo‘shimcha to‘rtta xona qurib berish rejalashtirildi. Bu ish tabiiyki, homiylik va xayriya mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. 

A.Toshevga sog‘in sigir va buzoq olib berildi. Dedan mahallasida yashovchi fuqaro N.Eshonqulovaning xonadoni ham homiylik bilan yangidan qurib berildi.

Umuman, karantin tartibi joriy etilgandan buyon tumandagi 3011 oilaga 5775,8 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan. Shuningdek, bu oilalarning dori-darmon ehtiyoji uchun 30 million so‘m mablag‘ sarflangan.

Maqsud QURBONOV.