Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nima uchun ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkaziladi?

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 65 mingga yaqin tashkilot va korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 2018-2020 yillar davomida 146 ta tashkilot va korxonalarda noqulay, zararli va xavfli ish joylari attestatsiyadan o‘tkazildi.

4,5 mingga yaqin ishchi-xodimlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim, sut va unga tenglashtiruvchi mahsulotlar, qo‘shimcha mehnat ta’tillari, muddatdan oldin pensiyaga chiqish, imtiyozlar va kompensatsiyalardan foydalanib kelmoqda.

Ammo, ayrim ish beruvchilar ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazmasdan kelmoqda.

Aslida nima uchun ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkaziladi?

Ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazishdan maqsad - og‘ir ishlarda, noqulay, zararli va (yoki) xavfli ishlarda band bo‘lgan xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va kompensatsiyalarni belgilash, kasbiy xavfni baholash, xodimlarni yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalari bilan ta’minlash, shuningdek, kasb kasalligi tashxisini aniqlashdan iborat. Shuningdek, nogironlar band bo‘lgan ish joylari, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlaridagi barcha ish o‘rinlari va kasblar attestatsiyadan o‘tkazilishi majburiy hisoblanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 sentyabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom"da belgilangan.

Attestatsiyani o‘tkazish davriyligini korxonaning o‘zi belgilaydi, biroq har 5 yilda kamida bir marta o‘tkaziladi va 50 yil saqlanadi.

Korxonani qayta tashkil etishda attestatsiya materiallari to‘liq hajmda qayta tashkil etilayotgan korxonaning huquqiy merosxo‘riga, tugatilgan taqdirda esa - belgilangan tartibda davlat arxiviga beriladi.

Korxona va tashkilotlarda ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilmagan taqdirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 49-moddasiga asosan ma’muriy jarima solishga sabab bo‘ladi.

Zokir Ochilov,

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat texnik inspektori.