O‘qituvchilar attestatsiyadan pul berib o‘tyaptimi?
Har yili pedagoglar malaka toifasi uchun bo‘lib o‘tadigan attestatsiya jarayoni atrofida har xil mish-mishlar tarqaladi. Bu yil ham kimdir 300 dollar berib attestatsiyadan o‘tgani, kimdir pul bermagani uchun yiqilgani, kimlardir test sinovi jarayoniga kirib, birovlarning test savollarini yechib chiqayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Xo‘sh, bularning qanchasi haqiqatga yaqin?
2022 yilning yanvar-mart oylarida viloyatda 34 ming pedagog attestatsiya jarayonida ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida attestatsiya jarayonida qatnashish istagida bo‘lgan pedagoglardan 30 mingta ariza tushgan. Shundan, 28254 nafarining hujjati qabul qilingan. Qolganlari onlayn ariza berishda xatoga yo‘l qo‘ygani yoki to‘lovni amalga oshirmagani sababli rad etilgan.
- Bu yilgi yangiliklardan biri til bilish darajasi bo‘yicha S1 xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan chet tili o‘qituvchilariga test sinovlaridan qo‘shib beriladigan 80 ball rus tili o‘qituvchilari uchun bekor qilindi, - deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi Nizomiddin Odilov. - Shaffoflikni ta’minlash maqsadida bu yil platformaga o‘qituvchilarning rasmlari va ular haqidagi ma’lumotlar to‘liq kiritilgan. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn kameralar orqali kompyuterda o‘qituvchining o‘zi o‘tiribdimi yoki boshqami, aniqlash imkoniga ega. Shu bilan birga, yutubda ham translyasiya jarayoni ketyapti. O‘qituvchining ota-onasi yoki turmush o‘rtog‘i uyidan turib, test jarayonini kuzatishi mumkin.
Test savollari 40 tadan, har bir to‘g‘ri javobga 2 balldan beriladi. Eng yuqori ball 100 ball bo‘lib, o‘qituvchi 80 ballni test sinovlaridan, 20 ballni maktab tomonidan olishi kerak. Test sinovlari va maktab tomonidan berilgan ballar umumiy hisobda yig‘ilib, o‘qituvchining malaka toifasi aniqlanadi. O‘qituvchi ikkinchi toifa uchun 60 ball, birinchi toifa uchun 70 ball, oliy toifa uchun 80 ball to‘plashi lozim. Agar o‘qituvchiga 5 ball yetmasa, u o‘zining toifasini saqlab qoladi.
- O‘qituvchi ikki xil holatda to‘plagan ballidan norozi bo‘lishi mumkin, - deydi N.Odilov. – Birinchi holatda, aynan qaysidir savolga e’tiroz bildirishi mumkin. Bunda o‘qituvchi auditoriyadan chiqmagan holda maxsus blankamizga shu haqda yozib beradi. Biz shu yerning o‘zida onlayn ekspertlar guruhiga tashlab beramiz. Ular o‘qituvchining e’tirozini ko‘rib chiqadi, agar o‘qituvchi haq bo‘lib chiqsa, o‘sha savol uchun o‘qituvchiga ball qo‘shib beriladi. Ikkinchi holatda, o‘qituvchi “Barcha savollarni yaxshi ishlagandim, juda past ball oldim” desa, ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali uyidan turib ham onlayn apellyasiyaga ariza berishi mumkin. Bu holatda o‘qituvchining barcha yechgan savollari o‘ziga ko‘rsatiladi.
Viloyatimizda bo‘lib o‘tayotgan umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun attestatsiya test sinovlarida har kuni mingdan ortiq pedagoglar jarayonda ishtirok etyapti. O‘qituvchilar uch bosqichda tekshiruvdan o‘tkazilib, ichkariga kiritilmoqda. Har bir stol ustida attestatsiya jarayonida nimalarga amal qilish kerakligi haqida yo‘riqnoma mavjud.
Umumta’lim maktablari pedagoglari malaka toifasini oshirish uchun bo‘lib o‘tadigan attestatsiya jarayoni 25 oktyabrdan boshlangan bo‘lib, 30 noyabrga qadar davom etadi. Hozircha 28 oktyabrga qadar test sinovida taqiqlangan aloqa vositalaridan foydalangani, tartib-intizomga bo‘ysunmagani tufayli 15 nafar o‘qituvchi jarayondan chetlatilgan. Ammo o‘z bilimiga ishongan o‘qituvchilar test sinovlarida yaxshi ball to‘plab, malaka toifasini oshirmoqda.
- Men test savollaridan 66 ball to‘pladim, maktabdagi balim 16 edi, jami 82 ball bilan oliy toifani qo‘lga kiritdim, - dedi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-umumiy o‘rta maktabining tarix fani o‘qituvchisi Mahbuba Adhamova. – Albatta, testda oson savollar ham, qiyin savollar ham mavjud. Attestatsiya jarayoniga ikki yil puxta tayyorlanganim bois mana shunday yutuqqa erishdim.
- Asli Navoiy viloyati Xatirchi tumanidanman. 2018 yilning noyabr oyidan boshlab Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fanidan dars berib kelmoqdaman, - dedi Abror Salohiddinov. – Ushbu maktabga ishga kelganimda malaka toifam yo‘q edi. 1,5 yil ichida ikki, bir va bugun oliy toifani qo‘lga kiritdim.
Zarnews.uz telegram kanalimizda “Sizningcha, pedagoglarning attestatsiya jarayoni adolatli bo‘lyaptimi?” mazmunida so‘rovnoma uyushtirdik.
So‘rovnomada 1222 nafar a’zolarimiz ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 49 foizi “Yo‘q, pul, tanish-bilish orqali hal etilyapti”, degan javobni belgilagan. 33 foiz ishtirokchi “Ha, adolatli bo‘lyapti, bilimli pedagoglar o‘tyapti” degan bo‘lsa, 10 foiz ishtirokchi “Inspeksiya xodimlari hal qilib beryapti”, 8 foizi “Maktab direktorlari, metodistlar o‘qituvchilardan pul yig‘ib olyapti”, deyilgan qatorni belgilagan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, jarayonda kimlardir qalloblik yo‘li bilan pul topishga urinyapti, ya’ni sodda o‘qituvchilarning pulini “shilyapti”.
Attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchilar bilan ham gaplashib ko‘rishga urindik. Ularning deyarli barchasi test savollari juda qiyinligini aytishdi. Ammo yuqoridagi mish-mishlarni tasdiqlagan biron o‘qituvchini uchratmadik. Nima bo‘lgan taqdirda ham bilimli o‘qituvchini hech kim attestatsiyadan yiqitolmaydi.
Xurshida ERNAZAROVA.