Attestatsiya atrofidagi “o‘yin”lar qanchalik haqiqat?
Ayni kunlarda maktab o‘qituvchilari uchun navbatdagi attestatsiya sinov imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Keyingi yillarda attestatsiya imtihonlarining adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida test sinovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan olib borilyapti. Boshida bunday tartibga ba’zi pedagoglar qarshi bo‘lgandi. Nega ish staji yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar malaka imtihoni topshirishi kerak, obro‘li o‘qituvchilar attestatsiyadan o‘ta olmay obro‘si tushyapti, degan iddaolar aytilgandi.
Ammo imtihonda bilimli o‘qituvchilar yuqori ball to‘plab malaka toifasini oshira boshlagach, attestatsiyaning adolatli ekaniga ishonmaydigan o‘qituvchilar ham imtihonga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi. Xullas, attestatsiyaga tayyorgarlik ko‘radigan o‘qituvchilar ko‘paydi. Biroq, guruch ko‘rmaksiz bo‘lmagani kabi pedagoglar orasida qing‘ir yo‘llar bilan malaka toifasini olishni istovchilar yo‘q emas.
Yaqinda shunday o‘qituvchilardan biri telefon qilib qoldi.
- Men attestatsiyadan 300 dollar berib o‘tdim, pul berganim rosa alam qilyapti, - dedi u salom-alikdan so‘ng.
- Qanday qilib imtihondan o‘tdingiz? – dedim unga.
- Imtihon jarayoniga bordim, kuzatdim, ko‘pchilik test sinovidan “yiqilib” chiqyapti. O‘zimga ishonmaganim uchun bir chetda turib jarayonni kuzatdim. Asosiy talabgorlar imtihondan o‘tib, uylariga ketgach, soat 16:00 larda bir kishi oldimga kelib, maqsadimni so‘radi. Unga tayyorlanmaganimni, imtihondan o‘tolmasligimni aytdim. U esa “300 dollar bersangiz o‘rningizga kirib chiqaman”, dedi. Men rozi bo‘ldim, u o‘rnimga imtihonga kirib chiqdi. Haligi o‘qituvchi kutganimdan ham yuqori ball olib chiqdi.
Telefon qilayotgan o‘qituvchi yashirin raqamdan chiqayotgani uchun avvaliga uning gapiga ishonmadim. Yana bir o‘qituvchi attestatsiya imtihoni uchun 300 dollar bergani, unga imtihonlar tugagach, qatnasha olmaganlar uchun bo‘ladigan qo‘shimcha imtihonga kelishi aytilganini eshitdim.
Yanayam ajablanarlisi, ismi sir qolishini istagan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi attestatsiya imtihonida bir o‘qituvchi 28 kishining test savollarini yechib berganini aytdi.
- O‘sha kuni o‘qituvchi imtihonga ikki marta kirdi, ertalabdan tushgacha, tushdan kechgacha. Ammo imtihonga qanday kirganini bilmayman, - dedi u.
Demak, ayrim o‘qituvchilar pul berib, imtihonga boshqalarni kiritayotgan ekan-da? Xo‘sh, unda tashqarida pasportini tekshirayotgan ichki ishlar xodimlari nega ularni ichkariga kiritib yuboryapti? Imtihon jarayonini nazorat qilayotgan ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari bir kishi o‘nlab pedagogning test savollarini yechishiga qanday yo‘l qo‘yayapti? Yana bu jarayon onlayn translyasiya qilinayotgan bo‘lsa?
Yana bir gap. Ayrim o‘qituvchilar oliy toifa uchun 700, birinchi toifa uchun 500, ikkinchi toifa uchun 300 dollar pul berayotganmish. Bu ma’lumotlarni biz aynan o‘qituvchilardan olyapmiz, ammo ularning hech biri ism-sharifini oshkor qilishni istamadi.
Ta’lim tizimiga mana shunday yondashuv sabab maktablarda bugun ta’lim sifati juda past. Aslida, har bir fuqaro o‘zining fikrini erkin aytish huquqiga ega. Bizda esa o‘qituvchilar haqiqatni bila turib ayta olmayaptimi, qolganlardan nimani kutaylik?
Bu bilan attestatsiya jarayonini butunlay qoralashdan yiroqmiz. Haqiqatda o‘z bilimi bilan imtihondan o‘tgan o‘qituvchilarni yaqindan bilaman. Kursdoshlarimning ko‘pchiligi uch yil ichida oliy toifali bo‘lishdi. Har safar
Ba’zi o‘qituvchilar imtihon savollarining juda qiyinligi sabab 2-3 ball yetmay qolganini ham aytishyapti. Ozroq tayyorgarlik ko‘rsa, ular keyingi safar albatta imtihonni yaxshi natijalar bilan topshiradi. Buning uchun kimgadir pul berishim kerak ekan, degan fikrga kelmaslik kerak.
Nima bo‘lgan taqdirda ham bugun ushbu muammoni birgalikda yechmasak, ta’limga, uning ortidan kelajakka xiyonat qilgan bo‘lamiz.
Xurshida ERNAZAROVA.