Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

NNT xorijdan xayriya olishi mumkinmi?

Nodavlat notijorat tashkilotlari chetdan mol-mulk yoki pul olishi uchun tegishli organ bilan kelishishi kerak, deb eshitdim. Shu rost bo‘lsa, uning tartiblari haqida ma’lumot bersangiz.

N.SALOHIDDINOV,

Samarqand shahri.

Siz aytayotgan masala Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tartibga solinadi.

Unga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlarining chet davlatlardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan kelishish ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Nodavlat notijorat tashkiloti pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishish uchun kamida 20 kun oldin tegishliligi bo‘yicha uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan adliya organiga tasdiqlangan murojaatnoma shakliga muvofiq unda nazarda tutilgan hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda oldindan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi

Qayd etish lozimki, ayrim hollarda chet ellik shaxslardan nodavlat notijorat tashkilotga ma’lum bo‘lmagan holda uning bankdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘i kiritilishi yoki nodavlat notijorat tashkilotga mol-mulk kelib tushishi mumkin.

Agar shunday holat kuzatilsa, bu haqda notijorat tashkilot xabar topgan yoki xabar topishi lozim bo‘lgan kundan e’tiboran 3 kun ichida tasdiqlangan murojaatnoma shakliga muvofiq, unda nazarda tutilgan hujjatlar nusxalarini ilova qilgan holda kelishish uchun adliya organiga murojaat qiladi.

Adliya organi taqdim etilgan hujjatlarni 15 kun muddat ichida ko‘rib chiqadi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chet ellik shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish yoki sabablarini ko‘rsatgan holda kelishishni rad etish to‘g‘risida nodavlat notijorat tashkilotni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.

Norqul SAFAROV,

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘limi boshlig‘i.