Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nobel mukofoti bilan bog‘liq shov-shuvli voqealar

Nobel mukofoti birinchi marta 1901 yilda berilgan va o‘sha vaqtdan buyon dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biriga aylangan. Ammo janjal va fitnalar bu sovrinni ham chetlab o‘tmadi. Uning tarixida shubhali g‘oliblar va farazli qiziqishlar to‘qnashuvlari bo‘lgan.

Mukofot yaratuvchisi

1888 yilda Fransiya gazetalarining birida Alfred Nobel o‘limi bilan bog‘liq “Ajal savdogari o‘ldi” sarlavhali nekrolog e’lon qilindi. Ushbu qayg‘uli xabar noo‘rin chop etilgan edi. Chunki Kann shahri shifoxonalarining birida Alfredning tug‘ishgan akasi Lyudvig Nobel bu dunyo bilan vidolashgandi. Dinamit ixtirochisi ushbu nekrologni o‘qigach, avlodlar xotirasida bir umr  “Ajal savdogari” sifatida eslanishni xohlamadi va  o‘zining mulkini dunyo bo‘yicha ilm-fan sohasidagi yutuqlarga erishganlarni rag‘batlantiruvchi maxsus fondga vasiyat qildi.

Gender tengsizligi

Sovrin topshirilishining butun tarixi davomida g‘oliblar orasida mukofotlangan ayollar atigi 5 foizni tashkil etgan. Eng katta janjal britaniyalik astrofizik Joselin Bell Bernel bilan bog‘liq edi. Aynan u 1967 yilda kosmik nurlarning manbalarini kashf etgan va Entoni Xyuish bilan hamkorlikda bu haqda maqola e’lon qilgan. Biroq 1974 yilda ushbu kashfiyot uchun Nobel mukofoti Entoni Xyuish va uning boshqa bir hamkasbi tomonidan qabul qilindi va kashfiyotchi ayolning ismi hatto tilga olinmadi.

Munozaralarga sabab bo‘lgan mukofot

Ushbu yo‘nalish mukofot tarixidagi eng munozarali masalalardan biri hisoblanadi va g‘olibni tanlashda noaniqlikning eng yorqin namunasi bo‘lgan.

Yasser Arafat 1994 yilda Ishoq Robin va Shimon Peres bilan birgalikda Falastin va Isroil davlatlari o‘rtasidagi nizoni hal etish bo‘yicha kelishuv bo‘yicha ishlaganligi uchun mukofotga sazovor bo‘lgan. Bahsning sababi, Yasser Arafatning haqli ravishda xalqaro terrorning mujassamlanishi, deb sanalgan Falastin Ozodlik Tashkilotining rahbari bo‘lganligida edi.

Yarmi hazil...

Tasavvur qilish qiyin. Lekin 1939 yilda Adolf Gitler tinchlik Nobel mukofotiga nomzod bo‘ldi. To‘g‘ri, janjal ko‘tarilganidan so‘ng uning nomzodi chaqirilib olindi va Gitlerning nomzodligi “muvaffaqiyatsiz hazil”, deb e’lon qilindi.

“Rad etish sharafiga egaman”

Nobel mukofoti olish juda nufuzli va ahamiyatli bo‘lishiga qaramay, bu mukofotni olishdan bosh tortish holatlari ham bo‘lgan. Masalan, Fransuz faylasufi Jan Pol-Sartr hech qanday sharoitda, hech qachon rasmiy mukofotlarni olmagan. U 1964 yilda adabiyot sohasidagi unga beriladigan Nobel mukofotiga ham istisno qilmadi.

1974 yilda esa Vetnamda tinchlik o‘rnatish harakatlari uchun taqdim etilgan siyosatchi Le Dik Txo mamlakatda tinchlik o‘rnatilishiga hali juda uzoq vaqt borligini aytib, bu mukofotni olmadi.

Manfaatlar to‘qnashuvi

2008 yilda papilloma virusining saraton kasalligi bilan bog‘liqligini ochgan Xarald Sur Xauzenga mukofotning taqdim etilishi atrofida ko‘plab munozalar yuzaga keldi. Aniqlanishicha, bu vaksinalarni ishlab chiqaruvchi «AstraZeneca» kompaniyasi Nobel mukofoti veb-saytining homiysi ekan. Bundan tashqari, ushbu olimning nomzodi uchun ovoz berganlarning ikkitasi ham xuddi shu kompaniya bilan bog‘langan. Keyingi tekshiruvlarda hech qanday qonunbuzarlik aniqlamadi. Ammo mukofot taqdimoti tanqidga sabab bo‘ldi.

Har yili Nobel mukofotini topshirish marosimi Stokgolmda bo‘lib o‘tadi. Tinchlik mukofotidan tashqari, barcha mukofotlar Shvetsiya qiroli tomonidan taqdim etiladi va taqdirlash marosimidan so‘ng g‘oliblar hamda ularning mehmonlari maxsus ziyofatga taklif etiladi. 1901 yildan beri o‘tkazilayotgan ziyofat menyusi hech qachon takrorlanmagan va butun jarayon har soniyasigacha hisoblangan va uni o‘tkazish vaqti bir marta ham buzilmagan.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.