Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nom o‘zgargani tashkilotni jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan ozod qilmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Hududgazta’minot” mansabdor shaxslari Samarqandda gazdan noreal debitorlik qarzlarni shakllantirishda ishtirok etganini rad etdi” nomli xabarlar tarqaldi.

Joriy yilning 7 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi Zarnews.uz saytida “Hududgaz Samarqand” MChJ mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi” nomli maqola e’lon qilgan edi. Ushbu maqola bo‘yicha xabarlar boshqa saytlarda ham yoritildi.

Mazkur xabarda «Hududgaz Samarqand» ma’suliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tegishliligi bo‘yicha Samarqand viloyati prokuraturasiga tergov harakatlarini o‘tkazish uchun yuborilgani ma’lum qilingan.

“Hududgazta’minot” aksionerlik jamiyati ushbu xabar bo‘yicha -“Hududgazta’minot” mansabdor shaxslariga tegishli ekanini rad etgan.

Asosiy vaj sifatida esa “Hududgaz Samarqand» MChJning 2019 yil 5 sentyabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, asosiy vazifasi gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli jihozlardan foydalanish hisoblanishini, xabardagi holatlar o‘tgan yilning yanvar oyidan oktyabr oyigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olganligini bayon etishgan.

Aytish kerakki, Byuroning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan 2019 yilning yanvar oyidan to oktyabrga qadar gaz limitidan ortiqcha olingan har bir metr kub tabiiy gaz uchun belgilangan koeffitsiyentlar qo‘llanilmaganligi oqibatida jami 8 milliard 651 million 258 ming 820 so‘m miqdorida to‘lovlar kam hisoblanishi, shuningdek, jami 46 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) umumiy hisobda 2.497.608 metr kub hajmdagi tabiiy gaz bilan noqonuniy ravishda ta’minlanib, o‘zganing 842 million 854 ming 500 so‘mlik juda ko‘p  miqdordagi mulki  rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinishi, shuningdek, 2019 yilning 1 noyabr holatiga iste’molchisi aniqlanmagan noreal qarzdorlikni 363 milliard 155 million 500 ming so‘m bo‘lishiga va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi holati aniqlangan.

Ishdagi mavjud hujjatlarga ko‘ra, ushbu jinoiy qilmishning sodir etilishi yanvar oyidan to oktyabr oyiga qadar davom etib kelgan bo‘lib, muqaddam faoliyat ko‘rsatgan Samarqand viloyati gaz ta’minoti davridan va hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan “Hududgaz Samarqand” MChJ davrida ham kuzatilgan.

Mazkur gaz ta’minoti idorasining nomi, maqomi va vazifalar funksiyasi o‘zgargan taqdirda ham sodir etilgan qilmish uchun javobgarlikni istisno qilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 13-moddasi bo‘yicha qilmishning jinoiyligi va jazoga sazovorligi ana shu qilmish sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan qonun bilan belgilanishi ko‘rsatilgan.

Prezidentimizning 2017 yil 29 maydagi PF-5059-sonli Farmoniga asosan, Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti filiali o‘z vakolatiga ko‘ra, tuzilgan shartnomalarga muvofiq iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash, sotilgan energiya resurslari hajmi haqidagi hisobot va axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi, gaz taqsimlash tarmoqlarini bevosita iste’molchilarga bo‘linish chegarasiga qadar yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa infratuzilmalar ekspluatatsiyasi va ta’mirlash xizmatlarini amalga oshirish, iste’molchilarga o‘rnatilgan energiya resurslari iste’molini hisobga olish uskunalarini almashtirish, o‘rnatish va ekspluatatsiya xizmati ko‘rsatish, shuningdek, Byuro bilan hamkorlikda ularni plombalash, belgilangan tartibda texnik shartlarni berish, gaz tarmoqlariga yangi iste’molchilarni ulash ishlarini amalga oshirishga javobgarligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, har oyda bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan energiya resurslari hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasida tafovut mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni Byuroga taqdim etish, ular asosida Byuro gaz ta’minoti korxonalari bilan birgalikda tafovutning vujudga kelish sabablarini aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rish vazifalari yuklatilgan.

Keyinchalik, Prezidentimizning “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali negizida 2019 yil 5 sentyabrda «Hududgaz Samarqand» mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, asosiy vazifasi gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli jihozlardan foydalanish kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan.

Unutmaslik kerakki, Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan yuqorida aniqlangan holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga sababchi bo‘lgan Samarqand viloyati gaz ta’minoti korxonasining mansabdor shaxslari va boshqa barcha xodimlari hozirda «Hududgaz Samarqand» MChJda faoliyat ko‘rsatmoqda va ular o‘z vakolatiga ko‘ra, muqaddam sodir etilgan qonunbuzarliklar uchun bevosita mas’ul hisoblanadi.

Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida aynan bir shaxs yoki mansabdor shaxslarning nomlari ko‘rsatilmagan.

Jinoyat ishi bo‘yicha sobiq Samarqand viloyati gaz ta’minoti korxonasining yoki bo‘lmasa, «Hududgaz Samarqand» MChJ mansabdor shaxslari, ularning xatti-harakatlari aynan qaysi davrda sodir etilganligi olib borilayotgan tergov harakatlari davrida aniqlashtiriladi. Natijasi bo‘yicha jinoyat tafsilotlari batafsil ma’lum qilinadi.

“Hududgazta’minot” AJning rasmiy saytlar orqali hozirda tergov harakatlari davom ettirilayotgan jinoyat ishini rad etishi esa ushbu jinoyat ishi hujjatlari bilan to‘liq tanish emasligi yoxud jinoyat va Jinoyat-protsessual kodeksining talablaridan xabardor bo‘lishi lozimligini anglatadi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari hamda aybdorlarga nisbatan qo‘llanilgan choralar haqida qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.