Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nurobodliklar nega e’tibordan chetda?

Koranavirus pandemiyasi sabab bugun viloyat va tuman markazlarini oziq-ovqat va qishloq mahsulotlari bilan ta’minlash alohida e’tiborga olingan. Ammo tumanlarda yashovchi fuqarolar aynan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligidan aziyat chekmoqda.

Xususan, Nurobod tumanining 50 mingga yaqin aholi yashvochi Jom qishlog‘i hududida haftada bir marotaba bo‘ladigan “Jom” dehqon bozorida un va kartoshka yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Ayni vaziyat yuzaga kelishiga mahalliy savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilarning Samarqand shahridagi ulgurji savdo markazlariga kira olmayotganligi sabab bo‘lmoqda. Shu vaqtgacha qo‘shni Samarqand tumanidan kartoshka yetkazgan tadbirkorlar karantin sabab Jomga mahsulot olib bormayapti. Natijada  aholida kartoshkaga bo‘lgan talab keskin oshib ketmoqda. Afsuski, na bozor ma’muriyati, na tuman mutasaddilari tomonidan shahar markazlaridagi kabi savdo yarmarkalari tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rilmayapti. Karantin sabab shahar aholisi qulaylik yaratilishi jalb qilinayotgan tuman hokimliklari o‘z hududlari aholisi haqida qachon o‘ylaydi? Aynan “Jom” dehqon bozorida 29 mart kuni un va kartoshka mahsulotlarining yetishmasligi sabab aholi o‘rtasida bir necha marta ziddiyatlar kelib chiqdi. Shu kuni bozorda bitta tijorat mashinasida kartoshka olib kelinib, 5-6 ming so‘mdan sotildi. Qopi (50 kg) 160 mingdan sotilgan un ham aholi o‘rtasida talash bo‘lib ketdi. Eng achinarlisi, hududda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalar bunday vaziyatda yanada mushkul holatga tushib qolmoqda.

Bu kabi holatlar, aynan kartoshka va un mahsulotlarining yetishmasligi birgina Jomda emas, viloyatimizning barcha tumanlari markazlaridan olisda bo‘lgan aholi punktlarida kuzatilayotganligi ijtimoiy tarmoqlarda aytilmoqda. Viloyatimiz rahbarlari faqat markazlarda emas, chekka hududlarda ham aholining bugungi turmush sharoitlarini e’tiborga olishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Olim Norboyev,

Nurobod tumani, Jom qishlog‘i.