Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘n yil uyidan chiqmagan olim ko‘zoynak ixtiro qilgandi

Koronavirus tufayli yurtimiz va ko‘plab dunyo mamlakatlarida millionlab odamlar uylarida o‘tiribdi. Bu ishlab o‘rgangan kishilar uchun oson bo‘lmayotgani tayin.

Ushbu muddatdan unumli foydalanish mumkin. Bunga 10 yil uyida o‘tirgan buyuk islom olimi al-Hasan ibn al-Haymiyaning hayoti yorqin misol bo‘ladi. Islamic Self Help nashrining ma’lumot berishicha, Hasan ibn al-Xaymiya optika, astronomiya, matematika, meteorologiya, vizual idrok va ilmiy usul sohalariga katta hissa qo‘shgan mashhur musulmon olimlardan biri bo‘lgan. U 965 yilda Iroqdagi Islomning oltin asrida tug‘ilgan, Bag‘dod olimlaridan chuqur ilm o‘rganib, yoshligidayoq mashhur olim bo‘lib yetishgan.

Kunlarning birida Misr hukmdori Ibn al-Xaymiyani Misrga taklif qilib, undan Nil daryosi bo‘yida to‘g‘on qurishni so‘raydi. Bu boradagi reja va imkoniyatlarni o‘rganib chiqqan olim bu ishning ilojsiz ekani, loyihani amalga oshirish uchun texnologiyalar yo‘qligini aytadi. Hukmdor bu xulosadan norozi bo‘lib, olimni o‘n yil uyidan chiqarmay o‘tirishga buyurdi.

Ibn al-Xaymiya umidsizlikka tushmadi, balki har qanday vaziyatdan unumli foydalanish mumkinligini tushundi. U vaqtini o‘qish, tadqiqot va tajribalar o‘tkazish, turli xil ilmiy tushunchalarni o‘rganishga sarfladi va katta yutuqlarga erishdi. U optika bilan bog‘liq katta kashfiyot qildi. Ushbu sohada eng yaxshi manbalardan biri bo‘lgan “Optika” nomli kitob yozdi.

Ushbu kashfiyot odamlarga ko‘zning qanday ishlashini tushunishga, ilk kameralar modelini ishlab chiqishga yordam berdi, ko‘zoynak ixtiro qilinishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, bugungi kunda ham qo‘llaniladigan ilmiy usullardan birini ishlab chiqdi. Bularning barchasi u uyida turib qildi.

Ibn al-Xaymiya hayoti va faoliyatida hech qachon vaqtni behuda sarflamaslik va vaqt, sharoitdan yetarlicha mahsuldorlikka ega bo‘lishni o‘rganish mumkin. Albatta, o‘n yil ko‘p muddat. Ammo bir necha haftalik uyimizdagi karantin vaqtida ham ko‘p ishlar qilishimiz mumkin.

Shu o‘rinda karantin vaqtidan unumli foydalanish bo‘yicha ba’zi maslahatlar bilan o‘rtoqlashamiz:

1. Kitob o‘qish;
2. Onlayn kurslar orqali ilm o‘rganish;
3. Kitob yoki maqola yozish;
4. Imonimizni mustahkamlash, o‘zimiz va boshqalar uchun duo qilish;
5. Tafakkur va fikrlashga vaqt ajratish;
6. Oilamiz bilan vaqtni maroqli o‘tkazish, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanish;
7. Yangi g‘oyalar ustida ishlash.

Bundan boshqa ko‘plab ishlarni qilish imkoniga egamiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam dedilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odam ularni boy berib qo‘yadi: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Sahih al-Buxoriy 6049).

Ehtimol, shu vaqt o‘zingizni anglashingiz, butun umr yodingizda qoladigan ajoyib xotiralarga ega bo‘lishingiz, insoniyat uchun yangi kashfiyotlar qilishingiz mumkin. Balki bu vaqt ichida siz qalblar va ilm-fan kashfiyotchisiga aylanarsiz!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.