Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Optik tolali aloqa kabelini uzganlar jarima to‘laydi

Joriy yilning o‘tgan davrida turli tabiiy ofatlar tufayli 4 marta optik tolali kabellarga shikast yetkazilgani holatlari kuzatilgan. Misol uchun, Samarqand viloyatining Samarqand, Oqdaryo va Payariq tumanlarida magistral tarmoq uzilib, aloqa va internet xizmatlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, shunday hollar bo‘ladiki, fuqarolar yoki tashkilotlar tomonidan ham magistral tarmoqlarga bilib-bilmay shikast yetkaziladi. Jumladan, o‘tgan 10 oyda 4 marta turli tashkilotlar, 8 marta fuqarolar tomonidan optik tolali kabel uzilganligi aniqlangan.

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, tarmoq uzilishiga sabab bo‘lganlar yetkazilgan zararni qoplash uchun kamida 3 million so‘m, albatta, zarar miqdoriga qarab ko‘proq jarima to‘laydi. Joriy yildagi magistral tarmoqlarga shikast yetkazish oqibatida 62 million 217 ming 521 so‘m jarima undirilgan.

Albatta, bunday hollarning oldini olish uchun xodimlarimiz yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida zarur tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borishadi. Misol uchun, joriy yilning boshidan buyon 4-texnik bog‘lama kabel liniyasi nazoratchilari tomonidan jami 5979 ta magistral aloqa liniyalari muhofazasini ta’minlash bo‘yicha ogohlantirish xatlari tarqatilgan. Bunda o‘zaro, xalqaro va shaharlararo aloqa xizmati, radioeshittirish, teleko‘rsatuvlar va shu kabi bir qancha qo‘shimcha xizmatlarni bajaruvchi optik tolali kabellar yotqizilganligi haqida xabardor qilinib, magistral aloqa kabellariga shikast yetkazmaslik tushuntirilgan.

Nazokat OLIMJONOVA,

4-texnik bog‘lama texnik xujjatlashtirish guruhi xodimi.