Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“O‘zbekkino” milliy agentligi huzurida jamoatchilik kengashi tashkil etiladi

Kecha “O‘zbekkino” milliy agentligida jamoatchilik kengashini tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ushbu jamoatchilik kengashi agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini shaffof va ochiqlik tamoyillari asosida tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashni samarali olib borish, davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishini nazorat qiladi.

– Kinoijodkorlar bilan doimiy ravishda hamkorlikda ish olib borishni maqsad qilganmiz, - dedi “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. - Chunki tizimda yangicha, foydali islohotlarni amalga oshirish lozim. Bundan keyin ushbu kengash orqali “O‘zbekkino”da bo‘layotgan barcha ishlar xalqimizga ochiq, shaffof tarzda yetkaziladi. Faoliyatimiz borasida bildirilgan takliflar o‘rtoqlashiladi, kamchiliklar tuzatiladi. Xarajatlarning nimalarga sarflanayotgani xalqimizga ochiq aytiladi. Kengash a’zolari orasida yosh kinorejissyorlar, prodyuserlar, rassomlar va boshqa kinoijodkorlarning bo‘lishi ishning samaradorligini oshiradi. Kengashga a’zo bo‘lgan kino ijodkorlarga alohida vakolatlar berishni o‘ylayapmiz. Kengash a’zolari va kinoijodkorlar muntazam yig‘ilib turishimiz zarur. Muhimi, har birimiz vazifamizni to‘g‘ri anglab, mas’uliyatni his qilgan holda halol, shaffof tarzda ishlashimiz kerak.

Jamoatchilik kengashi zimmasiga agentlik va uning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, agentlikning nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash kabi vazifalar ham belgilandi.

Barno O‘NGBOYeVA.