Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariqda maktab direktorlarining 8 nafari lavozimidan ozod etildi, 21 nafariga “hayfsan” berildi

Joriy yilning 27 va 28 noyabr kunlari Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi umumta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlarining tashkil etilishi, maktab direktori va o‘rinbosarlarining faoliyati hamda kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlikning holatini o‘rganish maqsadida Payariq tumanida bo‘ldi.

Tuman hokimligida hokimlik va boshqarma rahbar-xodimlari, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari ishtirokida o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan ikki o‘quv yilida tumandagi 7 ta - 28-, 33-, 43-, 49-, 52-, 70- va 82-maktablarning birorta bitiruvchisi OTMga o‘qishga kirmagan. 2019/2020 o‘quv yilida esa ushbu maktablar bilan birgalikda yana 9 ta - 4-, 27-, 31-, 36-, 46-, 55-, 60-, 66-, 91-maktablarning ham bitiruvchilari talabalikka tavsiya etilmagan. O‘rtacha 50 nafargacha bitiruvchisi bo‘lgan 8 ta maktabning 1 nafardan bitiruvchisi OTMga o‘qishga kirgan.

Muhokama jarayonida maktabda ta’lim sifati va samaradorligiga loqaydlik bilan qaragan, o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ishlab kelgan maktab direktori va ularning o‘rinbosarlaridan mazkur salbiy holatga izoh so‘raldi. Bahonalarning oxiri ko‘rinmadi. Ammo o‘quvchining 11 yillik umri zoye ketishiga sababchi bo‘lgan ba’zi maktab direktorlari lavozimidan ozod etildi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhining tumandagi 52 ta maktabda olib borgan o‘rganishlarida maktablarning direktorlari va ularning o‘rinbosarlari maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayonlarini nazorat qilishi, o‘qituvchilarning darslarini tahlil etishi, sinf jurnallarining yuritilishi, shuningdek, o‘quvchilarning davomati bo‘yicha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, ta’lim-tarbiya jarayonlari va maktab rahbar-xodimlarining o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligi yetmagandek, ular bugun sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan ham deyarli bexabar. Negaki, ular joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, 6 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan farmon va qarorlarning mazmuni haqida yetarli tushunchaga ega emas. Maktab o‘qituvchilariga namuna bo‘lishi lozim bo‘lgan mas’ullar bu haqda jo‘yali fikr ham bildira olishmadi.

Maktablarda kuz-qish mavsumi oldidan yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilmagan holatlar ham kuzatildi. O‘quvchilar va o‘qituvchilarning issiq kiyimlarda darsda o‘tirganini ko‘rish mumkin. Hojatxonalarning antisanitar holatda ekanligi, muntazam zararsizlantirilmay kelinayotgani kishi ta’bini xira qiladi. Ba’zilarida hojatxonaga kirib-chiqqan o‘quvchilarning qo‘l yuvishi uchun sharoit yaratilmagani muassasada mana shunday oddiy, ammo muhim tarbiyaga, ozodalikka loqaydlik bilan qaralayotganini ko‘rsatdi. Qariyb bir yildan buyon o‘qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha “Ustozlar bellashuvi”ni o‘tkazishga oid qator topshiriqlar berilganiga qaramasdan, aksariyat maktablarda ushbu muhim vazifaning ijrosi ta’minlanmagan.

Yig‘ilishda ayrim xalq ta’limi xodimlarining shaxsiy manfaati, foydasini ko‘zlab davlat tomonidan xalq ta’limi uchun ajaratilayotgan mablag‘larni talon-toroj qilinayotgan holatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Darhaqiqat, joriy yilning 9–17 noyabr kunlari Xalq ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq vazirlikning ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi viloyat hududiy nazorat bo‘limi vakillari tomonidan Payariq tumanidagi ayrim maktablarda o‘rganishlar olib borildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha 12 ta yo‘nalishda 1 milliard 67 million 835 ming 500 so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Mazkur holatlarga to‘liq huquqiy baho berilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan barcha mas’ullarga tegishli chora berilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda mas’uliyasizligi tufayli ta’lim sifati va samaradorligining tushib ketishiga, maktablardagi ta’lim-tarbiya jarayonlari, obodonlashtirish ishlariga loqaydlik bilan qarab kelgan 8 nafar maktab direktorlarining lavozimidan ozod etilishi, 21 nafariga mehnat qonunchiligi asosida “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi belgilandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.