Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payshanbadagi tarixiy madrasa endi muzey bo‘ladi

  Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasidagi qariyb 250 yillik tarixga ega madrasa binosi tumandagi bir guruh ziyolilar, nuroniylar taklifi bilan xalq kutubxonasi va o‘lkashunoslik muzeyiga aylantirilmoqda.

  Keksa otaxonlarning aytishicha, bu tarixiy obidadan sobiq ittifoq davrida uzoq yillar davomida o‘g‘it saqlanadigan omborxona sifatida foydalanilgan. Yillar davomida tashlandiq holatga kelib qolgan bu bino atrofi tuman hokimligi va madaniyat bo‘limi tashabbusi bilan chiqindilardan tozalanib, tartibga keltirildi.

  – Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tarixiy bino 1791 yilda Muhammad Amir Naqibbek tomonidan qurilgan, – deydi madaniy meros ob’yekti mas’ul qarovchisi Ilhom Fayziyev. – 1928 yilgacha madrasa bo‘lgan inshoot, afsuski, ko‘p yillar e’tibordan chetda, qarovsiz qoldi. Bu masalada ko‘p joylarga murojaat qildik, bormagan idoramiz qolmadi. Faqatgina keyingi yillarda viloyat va tuman hokimligining moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi bilan binoni ta’mirlash va bu yerni madaniyat, ma’rifat maskaniga aylantirish harakati boshlandi. Tuman madaniyat bo‘limiga yaqinda rahbar bo‘lgan Shodiyor Amirov ham bu ishga bosh qo‘shmoqda.

  Bu yerda tashkil etiladigan kutubxonaga kelgan kitobxonlar xujralarda o‘tirib mutolaa qilishi, o‘zini o‘tmishga sayohat qilgandek his etishi mumkin.

  - Hujralar, ayvon va uning shifti, ustunlari o‘z holicha qoldirilib ta’mirlanmoqda, - deydi I.Fayziyev. - Kutubxona uchun kitob javonlari keltirildi. Muzey uchun 10 mingga yaqin qadimiy ashyolar yig‘ildi. Ular orasida ko‘p yillik tarixdan so‘zlovchi ko‘zalar, tangalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari mavjud.

  Bino hovlisidagi qadimiy quduqlar kishi e’tiborini tortmay qolmaydi. Aytishlaricha, o‘z vaqtida bu quduqlardan nafaqat ushbu madrasa ilmi toliblari va mudarrislar, balki mahalla ahli ham foydalangan.

  O‘tmish va bugunni o‘zida aks ettiradigan muzey hamda kutubxona Kattaqo‘rg‘on tumani, Payshancha shaharchasi o‘tmishi haqida ma’lumot beradigan madaniyat maskani bo‘lish barobarida, Samarqandning sayyohlik yo‘nalishlaridan o‘rin olsa ajabmas.